O‘zbekistonda 1-iyuldan yirik soliq to‘lovchilar reyestri kengaytiriladi
Yangilangan ro‘yxatga yillik to‘lovlari 98,88 mlrd so‘mdan oshadigan korxonalar, banklar va savdo platformalari ham kiritiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarini yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilangan.
Hujjat yirik soliq to‘lovchilar faoliyatini nazorat qilish mexanizmlarini isloh qilishni nazarda tutadi. 2026-yil 1-iyuldan boshlab biznesni ushbu maqomga kiritishning yangilangan mezonlari amal qiladi.
Majburiy ro‘yxatga banklar, sug‘urta kompaniyalari, savdo maydonchalari (valyuta, fond va tovar-xomashyo birjalari), tamaki ishlab chiqaruvchilari, mobil aloqa operatorlari va aviatashuvchilar kiritiladi.
Shuningdek, davlat korporatsiyalari va ularning tarkibidagi yirik korxonalar ham ushbu maqomni oladi. Ular qatorida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston temir yo‘llari, O‘zkimyosanoat, O‘zavtosanoat va O‘zmetkombinat bor.
Bundan tashqari, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham ushbu tartibga kiritiladi.
Biroq yoqilg‘i va elektr quvvatlash shoxobchalari, shuningdek ikki yildan kam faoliyat yuritgan obyektlar bundan mustasno bo‘ladi.
Talablar mahsulot taqsimoti bitimlari ishtirokchilari, mamlakatdagi xorijiy raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda yirik soliq to‘lovchilarning ulushi 20% dan yuqori bo‘lgan yangi yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi. Bunda elektron hisob-fakturalardan foydalanish va QQS to‘lash sharti saqlanadi.
Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun asosiy mezon — kamida 100 nafar xodimga ega bo‘lish va budjetga yiliga 240 ming BHMdan (98,88 mlrd so‘m) ortiq mablag‘ to‘lash hisoblanadi.
Shu bilan birga, ushbu talablar to‘qimachilik klasterlari, alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va distribyutorlari, sement hamda qurilish materiallari zavodlari, shuningdek ulgurji va chakana savdo obyektlariga tatbiq etilmaydi.
Yangi ro‘yxatni shakllantirish bilan Soliq qo‘mitasi shug‘ullanadi. Bunda joriy yilning 1-aprel holatidagi ko‘rsatkichlar, keyinchalik esa har yili 1-iyul holati asos qilib olinadi. Tadbirkorlik subyektlariga maxsus xabarnomalar yuboriladi, yakuniy reyestr esa idora portalida ochiq e’lon qilinadi.
2027-yildan boshlab mamlakatda “o‘ta yirik” soliq to‘lovchi maqomi ham joriy etiladi. U davlat budjetiga 206 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazgan kompaniyalar va moliyaviy institutlarga beriladi.
Mazkur ro‘yxat davlat rahbarining alohida qarori bilan tasdiqlanadi, biroq soliq ma’murchiligi amaldagi tartib asosida yuritiladi.
Yangi tartiblar munosabati bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 15-iyulgacha budjet daromadlari prognozlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri va viloyatlar mahalliy hokimliklari ham hududiy moliyaviy prognozlarni yangilaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ