O‘zbekiston va O‘mon fuqarolari 30 kungacha vizasiz safar qilishi mumkin bo‘ladi

Yangi bitimga ko‘ra, fuqarolar bir kalendar yili davomida jami 180 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda vizasiz bo‘lishi mumkin

O‘zbekiston va O‘mon fuqarolari 30 kungacha vizasiz safar qilishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston va O‘mon fuqarolari ikki mamlakat hududiga 30 kungacha vizasiz kirish, tranzit o‘tish va chiqish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.

17-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘monga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Hujjat muqaddima va 14 ta moddadan iborat.

Bitimga muvofiq, kamida olti oy amal qiladigan xorijga chiqish biometrik pasportiga ega fuqarolar vizasiz safar qilishi mumkin. Bunda har bir tashrif muddati 30 kundan oshmasligi, bir kalendar yili davomida esa vizasiz bo‘lish muddati jami 180 kundan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Vizasiz tartib doimiy yashash, ta’lim olish yoki mehnat ruxsatnomasini talab qiladigan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini bermaydi. Mamlakatda belgilangan muddatdan uzoqroq qolishni istagan fuqarolar qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq viza rasmiylashtirishi lozim.

Hujjatda fors-major holatlarida mamlakatda bo‘lish muddatini bepul uzaytirish, pasport yo‘qolgan yoki shikastlangan taqdirda vaqtinchalik yo‘l hujjatini berish tartibi ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, tomonlar nomaqbul deb topilgan shaxslarning mamlakatga kirishini rad etish yoki ularning bo‘lish muddatini qisqartirish huquqini saqlab qoladi.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlarini yengillashtirish, turizm, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yanvar oyidan beri eng past darajaga tushdi
/
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yanvar oyidan beri eng past darajaga tushdi
O‘zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi hududlarda vizasiz rejimni tiklash masalasini muhokama qildi
/
O‘zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi hududlarda vizasiz rejimni tiklash masalasini muhokama qildi
O‘zbekistonda AI-92 benzini birjada bir kunda 7,1% ga qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda AI-92 benzini birjada bir kunda 7,1% ga qimmatlashdi