O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yanvar oyidan beri eng past darajaga tushdi
Mart oyidagi rekord ko‘rsatkichdan buyon oltin quymalarining narxi qariyb 18% ga pasaydi
O‘zbekiston Markaziy banki 19-noyabr holatiga o‘lchovli oltin quymalarining sotuv narxlarini yangiladi. Unga ko‘ra, 5 grammli oltin quymaning narxi 8 mln 917 ming so‘mni tashkil etdi. Bu so‘nggi 10 oydagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
3-mart kuni xuddi shu hajmdagi oltin quyma rekord darajadagi 10 mln 864 ming so‘mdan sotilgan edi. Shu tariqa, mart oyi boshidan buyon uning narxi qariyb 18% ga arzonlashdi. Shunga qaramay, yillik hisobda oltin qiymati taxminan 10% ga oshgan.
Markaziy bank shikastlanmagan qadoqdagi 5 grammli oltin quymani 7 mln 207 ming so‘mdan qayta sotib olmoqda. Sotuv va qayta xarid narxlari o‘rtasidagi farq 1 mln 710 ming so‘mni tashkil etadi. Qadoqlari shikastlangan quyma uchun esa qayta xarid narxi 7 mln 134 ming so‘m etib belgilangan.
O‘zbekistonda oltin narxining pasayishi jahon bozoridagi kotirovkalar tushishi fonida yuz bermoqda. 19-noyabr kuni xalqaro bozorda oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $3 693 gacha pasayib, 2025-yil sentabridan beri eng past darajaga tushdi.
Jahon bozorida dollarning mustahkamlanishi va AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari daromadliligining oshishi oltin narxiga bosim o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, AQSh Federal zaxira tizimi asosiy foiz stavkasini oshirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar ham qimmatbaho metall qiymatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Foiz stavkalari yuqori bo‘lgan sharoitda investorlar oltin o‘rniga obligatsiyalar va daromad keltiruvchi boshqa moliyaviy vositalarni afzal ko‘rishi mumkin. Chunki oltin foiz daromadi bermaydi. Bu esa qimmatbaho metallga bo‘lgan talabning pasayishiga olib keladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ