Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi investitsiya loyihalarini kunlik nazoratga olishni topshirdi

Shuningdek, viloyatlarga biriktirilgan hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi

Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi investitsiya loyihalarini kunlik nazoratga olishni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda yangi shahardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va ko‘kalamzorlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari Yangi Toshkentda amalga oshiriladigan har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha kunlik manzilli nazorat o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Investorlar sarmoya kiritishga tayyor ekani, biroq buning uchun ularga ortiqcha to‘siqlarsiz tezkor va aniq yechimlar taqdim etilishi kerakligi qayd etildi.

Qurilish maydonlarini o‘z vaqtida tayyorlash va investorlarga zarur sharoitlar yaratish ishlari markazlashgan holda Yangi Toshkent direksiyasi orqali tashkil etiladi.

Shuningdek, yangi shaharda qurilish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini bir vaqtda rivojlantirish topshirildi. Elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va yo‘l tarmoqlari obyektlar foydalanishga topshirilguniga qadar tayyor bo‘lishi kerak.

Viloyatlarga biriktirilgan hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Prezident bu hududlarda faqat turar joylar emas, balki biznes va savdo markazlari, mehmonxonalar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari hamda jamoat maskanlarini barpo etish zarurligini ta’kidladi.

Barcha inshootlar yagona me’moriy konsepsiya va “yashil qurilish” talablariga mos bo‘lishi lozim. Hududlar o‘rtasida zamonaviy arxitektura yechimlari va xalqaro brendlarni jalb qilish bo‘yicha raqobat muhitini shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

“Yashil makon” loyihasidagi kamchiliklar tanqid qilindi

Yig‘ilishda kuzgi ko‘chat ekish mavsumi 8-noyabrda boshlanganiga qaramay, ayrim hududlarda ishlar sust tashkil etilayotgani qayd etildi. Xususan, Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida belgilangan rejalar bajarilishi qoniqarsiz deb baholandi.

Bundan tashqari, bahorda ekilgan ko‘chatlarning uchdan bir qismi nobud bo‘lgani, ayrim hududlarda esa amalda ekilmagan daraxtlar hisobotlarga kiritilgani tanqid qilindi.

Prezident daraxt ekishda asosiy mezon ko‘chatlar soni emas, balki ularning tutib ketishi va uzoq muddat davomida o‘sishini ta’minlash bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shu maqsadda hududlarning iqlim va tuproq sharoitiga mos, suvsizlik, issiqlik va sho‘rlanishga chidamli daraxt turlarini tanlash, sug‘orish tizimlarini yaratish va muntazam parvarishlash topshirildi.

Shuningdek, suvni ko‘p talab qiladigan chim ekish o‘rniga tojixo‘roz, rayhon, jambul kabi mahalliy iqlimga mos o‘simliklar va butalarni ekishga ustuvorlik berish taklif qilindi. Buning uchun mahalliy gul va manzarali o‘simliklarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan ko‘chatxonalar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Har bir mahallada aholi jon boshiga kamida uch tupdan daraxt ekish, yashil hududlarni kengaytirish hamda mahalla raislari va o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining mas’uliyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilar joriy yilda ekiladigan ko‘chatlarning kamida 90–95 foizi tutib ketishini ta’minlashi, avvalgi yillarda barpo etilgan yashil maydonlarni saqlash va parvarishlash choralarini ko‘rishi kerak.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ish beruvchilar ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda
/
O‘zbekistonda ish beruvchilar ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda
Korporativ ta’lim loyihalari bozor rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi
/
Korporativ ta’lim loyihalari bozor rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi
IT Park Ventures Britaniyaning Ayan Capital startapiga $1 mln investitsiya kiritdi
/
IT Park Ventures Britaniyaning Ayan Capital startapiga $1 mln investitsiya kiritdi