IT Park Ventures Britaniyaning Ayan Capital startapiga $1 mln investitsiya kiritdi
Sarmoya islomiy fintex xizmatlarini kengaytirish va O‘zbekistondagi dasturchilar jamoasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi
Фото: IT Park Ventures
IT Park Ventures Buyuk Britaniyaning Ayan Capital islomiy fintex-startapiga $1 mln sarmoya kiritdi, deb xabar berdi investitsiya jamg‘armasi matbuot xizmati.
IT Park qoshidagi jamg‘arma Britaniyaning Ayan Capital islomiy fintex-startapining $4 mlnlik ASA investitsiya raundida qatnashdi. Shuningdek, raundda Buyuk Britaniya va Shveysariyadan xalqaro investorlar ham ishtirok etdi.
Jalb etilgan mablag‘lar kompaniya miqyosini kengaytirish, texnologik yechimlarni rivojlantirish va jamoani, xususan, O‘zbekistondagi dasturchilar jamoasini kengaytirishga yo‘naltiriladi.
IT Park Ventures’ning $1 mlnlik sarmoyasi kompaniyaning texnologik ekotizimini yanada rivojlantirish, skoring va avtokreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish uchun o‘zining sun’iy intellekt yechimlarini yaratish, shuningdek, O‘zbekistondagi dasturchilar jamoasini kengaytirishga sarflanadi.
IT Park Ventures direktori Dalerxon Nodirovning qayd etishicha, Ayan Capital asoschilari Markaziy Osiyodagi eng yirik fintex-bizneslardan birini yaratib, butun boshli sohalarni transformatsiya qilish qobiliyatiga ega ekanini allaqachon isbotlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda kompaniya Buyuk Britaniyada yangi avlod islomiy raqamli bankini yo‘lga qo‘ymoqda. U global biznesni rivojlantirib, ayni vaqtda O‘zbekistonda kuchli jamoalarni shakllantirayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash IT Park Ventures’ning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ