Korporativ ta’lim loyihalari bozor rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi
Malakali mutaxassislar tanqisligi sababli ish beruvchilar xodimlarning malakasini oshirish uchun o‘z ichki akademiyalarini yaratmoqdalar
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Yaqin vaqtgacha ko‘plab kompaniyalarda korporativ ta’lim xodimlar uchun qo‘shimcha imtiyoz sifatida qaralardi. Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Xodimlarni rivojlantirishni biznes strategiyasining muhim qismi deb bilayotgan ish beruvchilar soni tobora ortib bormoqda.
Yangi mahsulotlar, yangi bozorlar, zamonaviy texnologiyalar va avtomatlashtirilgan jarayonlar biznesni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu jarayonlarni samarali boshqara oladigan mutaxassislarni topish esa kompaniyalar oldidagi muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab ish beruvchilar kerakli tayyorgarlik darajasiga ega mutaxassislar yetishmasligi muammosiga duch keladi. Bu, ayniqsa, bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda ishlay oladigan rahbarlar va menejerlarga taalluqlidir. Shu sababli kompaniyalar zarur kompetensiyalarni jamoa ichida rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Nega tayyor mutaxassis yollash endi yetarli emas
Biznesga yangi rahbar yoki malakali mutaxassis kerak bo‘lganda, odatda birinchi navbatda mehnat bozoridan nomzod izlanadi. Lekin bu har doim ham kutilgan natijani bermaydi.
Birinchidan, kuchli mutaxassislar soni cheklangan. Ikkinchidan, hatto katta tajribaga ega nomzodga ham kompaniya ish jarayonlari, korporativ madaniyati va biznesning o‘ziga xos jihatlarini tushunish uchun vaqt kerak bo‘ladi.
Shu sababli ko‘plab kompaniyalar ichki iste’dodlarni rivojlantirishni afzal ko‘rishmoqda. Kompaniya ichida o‘sgan xodimlar mahsulotni, biznesning o‘ziga xos jihatlarini yaxshi biladi va yangi lavozimlarga tezroq moslashadi.
“Kompaniya ichida shakllangan xodimlar uning qadriyatlari, korporativ madaniyati, biznes muhiti va ish jarayonlarini chuqurroq tushunadi. Shu sababli ular rahbarlik roliga tezroq moslashadi, jamoani samarali boshqaradi va yuqori natijalarga erishadi”, — deydi TBC Uzbekistan Chief Human Capital Officeri Anna Silagadze.
Korporativ akademiya nima va u nega kerak
Bugungi kunda korporativ akademiya shunchaki alohida treninglar to‘plami emas.
Aslida, bu kompaniyaning amaliy ehtiyojlariga mos mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiluvchi tizimdir. U xodimlarni o‘qitish, tajriba almashish, yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni keyingi kasbiy bosqichlarga tayyorlashni o‘z ichiga oladi.
Biznes uchun bu kompaniyaga zarur kompetensiyalar bilan mehnat bozorida mavjud kompetensiyalar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish imkonini beradi. Xodimlar uchun esa kompaniya ichida karyera qurish va keyingi kasbiy bosqichlarga tayyorlanish imkoniyatini yaratadi.
Bu amalda qanday ishlaydi
Bunday yondashuvning yorqin misollaridan biri — TBC Uzbekistan Leadership Academy’dir.
Dastur turli yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi xodimlarni birlashtirib, ularga rahbarlik lavozimiga o‘tishdan avval boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. Dastur ishga tushirilganidan buyon unda 430 nafardan ortiq xodim ta’lim oldi. Ishtirokchilarning qariyb yarmi keyinchalik lavozim o‘sishiga erishdi.
Kompaniya ichki iste’dodlar zaxirasini tizimli ravishda rivojlantirsa, muhim lavozimlarni tezroq to‘ldirish, biznes ichidagi ekspertizani saqlab qolish va tashqi mehnat bozoriga qaramlikni kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tez sur’atlarda rivojlanayotgan kompaniyalar uchun esa bu raqobatbardosh ustunlikka aylanadi.
Ta’lim korporativ madaniyatga qanday ta’sir ko‘rsatadi
Korporativ akademiyalar kompaniyada kasbiy rivojlanish muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Xodimlar o‘z oldida qanday karyera imkoniyatlari turganini va keyingi bosqichga o‘tish uchun qanday bilim hamda ko‘nikmalar zarurligini aniq bilsa, ularning ishga bo‘lgan qiziqishi va faolligi yanada ortadi.
Xodimlar rivojlanishni qo‘shimcha vazifa emas, balki kundalik ishining tabiiy va muhim qismi sifatida qabul qila boshlaydi. Shu sababli bugungi kunda ko‘plab kompaniyalar ta’limni shunchaki HR-loyiha emas, balki biznesning uzoq muddatli barqarorligi va o‘sishiga xizmat qiladigan strategik investitsiya deb biladi.
Beeline Uzbekistan’da ham ichki iste’dodlarni rivojlantirish kadrlar zaxirasini shakllantirish va biznesning barqaror o‘sishini ta’minlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Kompaniya xodimlarni muntazam o‘qitish, yetakchilarni rivojlantirish dasturlari va ichki karyera imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash orqali xodimlarning kompaniya ichida o‘sishi uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Ushbu yondashuv shuni ko‘rsatadiki, bugun ko‘plab yetakchi kompaniyalar uchun ta’lim faqat treninglar bilan cheklanmaydi. U kuchli jamoalarni shakllantirish, muhim bilim va tajribani kompaniya ichida saqlab qolish hamda korporativ madaniyatni izchil rivojlantirishning muhim vositasiga aylangan.
Beeline Uzbekistan kompaniyasining Xodimlar bilan ishlash va tashkiliy rivojlanish bo‘yicha direktori Sofiya Gaynutdinovaning ta’kidlashicha, kompaniya ta’lim tizimini biznesning barqaror o‘sishi uchun zarur bo‘lgan kompetensiyalar asosida shakllantiradi. Bunga muntazam menejment amaliyotlari, o‘zgarishlarni joriy etish, yuqori salohiyatga ega xodimlarni rivojlantirish, sun’iy intellekt (AI) bo‘yicha savodxonlikni oshirish, shuningdek, kiberxavfsizlik va ESG yo‘nalishlaridagi korporativ standartlarni rivojlantirish kiradi. Ta’lim dasturlari xodimlarning kompaniya ichida kasbiy o‘sishiga xizmat qilsa, biznes uchun ekspert salohiyatini saqlab qolish, jamoalarni kuchaytirish hamda yangi chaqiriqlarga tezroq moslashish imkonini beradi.
“Beeline Uzbekistan uchun korporativ ta’lim alohida tadbirlar majmui emas, balki biznesni rivojlantirishni boshqarish tizimining ajralmas qismidir”, — deya ta’kidladi Sofiya Gaynutdinova.
Mehnat bozorini qanday o‘zgartirmoqda
Kompaniyalar ta’limga turli maqsadlarda sarmoya kiritadi. Kimdir biznesni tezroq rivojlantirishni, kimdir iqtidorli xodimlarni saqlab qolishni, yana boshqalar esa kelajak rahbarlarini tayyorlashni ko‘zlaydi.
Kompaniyalar xodimlarni rivojlantirishga qanchalik ko‘p e’tibor qaratsa, mehnat bozori ham shunchalik kuchayadi. Natijada amaliy tajribaga ega mutaxassislar soni ortadi, boshqaruv salohiyati rivojlanadi va doimiy o‘rganish hamda rivojlanish madaniyati shakllanadi.
Shu bois bugungi kunda korporativ ta’lim shunchaki HR vositasi emas, balki biznesning barqaror rivojlanishini ta’minlash va mutaxassislarni ertangi kunning yangi vazifalariga tayyorlashning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ