Toshkent — Parkent temiryo‘l liniyasi qurilishiga 535 mlrd so‘m yo‘naltirildi

Uzunligi 24 km bo‘lgan yangi elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasi poytaxtni Parkent tumani bilan bog‘ladi

Toshkent — Parkent temiryo‘l liniyasi qurilishiga 535 mlrd so‘m yo‘naltirildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Toshkentdan Parkent tumaniga elektropoyezdda bordi. Safar davomida davlat rahbari yangi temiryo‘l yo‘nalishi va uning infratuzilmasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yil sentabr oyidan Toshkent va Parkent o‘rtasida elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha doirasida 535,4 mlrd so‘m evaziga Baytqo‘rg‘on — Parkent yo‘nalishida uzunligi 24 km bo‘lgan yangi elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasi qurildi.

Bundan tashqari, yangi temiryo‘l stansiyasi, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘li uchun yo‘l o‘tkazgich, 77 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temiryo‘l kesishmasi barpo etildi. Shuningdek, 24 km uzunlikdagi kontakt tarmog‘i va elektr uzatish liniyasi tortildi. Loyiha natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Umumiy uzunligi 57,6 km bo‘lgan yo‘nalishda qiymati 124 mlrd so‘mlik olti vagonli EP3D elektropoyezdi qatnaydi. U 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 120 km tezlikda harakatlana oladi.

Poyezd Toshkentdan Parkentgacha bo‘lgan masofani 1 soat 13 daqiqada bosib o‘tadi. Yo‘l haqi 10 ming so‘mni tashkil etadi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu ushbu yo‘nalishdagi taksi safarining o‘rtacha narxidan 2,5 barobar arzon.

Yo‘nalish orqali kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafargacha yo‘lovchi tashish rejalashtirilgan.

Vagonlar iqlim nazorati tizimi, qurilmalarni quvvatlash uchun USB portlar va bepul Wi-Fi bilan jihozlangan. Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus ko‘targichlar va moslashtirilgan joylar ajratilgan. Shuningdek, poyezdda velosipedlarni tashish uchun moslamalar, elektron axborot tablolari va videokuzatuv tizimlari mavjud. Xavfsizlikni oshirish maqsadida to‘qnashuv paytida zarba energiyasini yutish tizimi ham o‘rnatilgan.

Safar davomida Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi. Xususan, yer resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash tarmoqlari salohiyatini kamida ikki barobar oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yangi Parkent temiryo‘l stansiyasini ko‘zdan kechirish chog‘ida prezident mas’ullarga temiryo‘l infratuzilmasini takomillashtirish, vokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va yo‘lovchilar uchun sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, tashish samaradorligini oshirish va temiryo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish vazifalari belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda qurilish materiallari eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda qurilish materiallari eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda
Energetika vazirligi AI-80 benzini birjaga chiqarilishi sababini tushuntirdi
/
Energetika vazirligi AI-80 benzini birjaga chiqarilishi sababini tushuntirdi
Anthropic IPO orqali rekord darajadagi $81,3 mlrd jalb qildi
/
Anthropic IPO orqali rekord darajadagi $81,3 mlrd jalb qildi