O‘zbekistonda qurilish materiallari eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda

Shuningdek, ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 7 trln so‘mdan 65 trln so‘mga, eksport esa $75 mlndan $1,5 mlrdga yetishi kutilmoqda

O‘zbekistonda qurilish materiallari eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanida qurilish materiallari sanoati va turizmni rivojlantirish masalalari yuzasidan investor hamda tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari bir yil avval Kumushkonda Bo‘stonliq va Zomindagi turistik zonalardan qolishmaydigan yirik majmua barpo etish vazifasi qo‘yilganini esladi. “Avvalo, o‘zimiznikilarga imkoniyat beraylik, ular nimalarga qodirligini ko‘rsatsin” degan yondashuv asosida mahalliy loyihachilar va quruvchilar 47 gektar maydonda “Oltin bel” majmuasini bunyod etdi.

Majmuada to‘rtta mehmonxona, ikkita restoran, 51 ta shale, akvapark, amfiteatr va ko‘ngilochar inshootlar tashkil qilingan. Bir vaqtning o‘zida 6 ming nafarga xizmat ko‘rsatish va 600 ta ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjud.

Xalqaro turizm akademiyasi tomonidan bu yerda tashkil etilgan kurslarda 300 nafar mutaxassis tayyorlandi. Qurilish va jihozlashda mahsulotlarning 95% mahalliy korxonalardan olingani loyiha tannarxini 20% ga arzonlashtirdi.

Ushbu tajriba asosida Nanay, Xonobod, Chimyonsoy, Muzbuloq, Urgut, Ellikqal’a va boshqa hududlarda ham turizm maskanlari barpo etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Prezident qurilish industriyasi va turizm bir-birini to‘ldiradigan, o‘zaro yangi imkoniyatlar ochadigan sohalarga aylanishi zarurligini ta’kidladi.

Prezident qurilish materiallari sanoatida erishilgan natijalar va yangi eksport imkoniyatlariga to‘xtaldi.

So‘nggi o‘n yilda sohaga $12 mlrd investitsiya kiritilib, 5 mingdan ziyod zamonaviy korxona ishga tushirildi. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 7 trln so‘mdan 65 trln so‘mga, eksport esa $75 mlndan $1,5 mlrdga yetishi kutilmoqda.

Mamlakatda har yili $50-$55 mlrd investitsiya jalb etilayotgani qurilish mahsulotlari uchun katta ichki bozorni shakllantirmoqda. Qo‘shni va yaqin mintaqalarda ham bu mahsulotlarga yillik talab $50 mlrdga baholanmoqda.

Yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, mahalliy developerlarni xorijiy tenderlarga olib chiqish va arzon hamda uzluksiz logistika zanjirlarini yaratish hisobiga eksportni yaqin yillarda $5 mlrdga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

Lekin hozirgi tez o‘zgaruvchan bozor sharoitida tadbirkorlar bilan yilda bir emas, kerak bo‘lsa, har oyda muloqot qilish zarur, – dedi prezident.

Bu borada vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar oldiga aniq talab qo‘yildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Energetika vazirligi AI-80 benzini birjaga chiqarilishi sababini tushuntirdi
/
Energetika vazirligi AI-80 benzini birjaga chiqarilishi sababini tushuntirdi
Anthropic IPO orqali rekord darajadagi $81,3 mlrd jalb qildi
/
Anthropic IPO orqali rekord darajadagi $81,3 mlrd jalb qildi
Beeline Uzbekistan egasi O‘zbekistonda bank sotib olish yoki tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
/
Beeline Uzbekistan egasi O‘zbekistonda bank sotib olish yoki tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda