Beeline Uzbekistan egasi O‘zbekistonda bank sotib olish yoki tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

VEON to‘lov xizmatlari va mikrokreditlashdan tashqari moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishni rejalashtirmoqda

Beeline Uzbekistan egasi O‘zbekistonda bank sotib olish yoki tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Beeline Uzbekistan egasi bo‘lgan xalqaro telekommunikatsiya guruhi VEON O‘zbekiston bank bozoriga kirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Kompaniya buning uchun amaldagi banklardan birini sotib olish yoki yangi bank tashkil etish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Bu haqda VEON’ning to‘lovlar va raqamli aktivlar bo‘yicha direktori Ahmet Kayhan 16-noyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Capital Markets Day tadbirida ma’lum qildi. Investorlarning savollariga javob berar ekan, u kompaniya O‘zbekiston va Qozog‘istonda bank litsenziyalarini olishga intilayotganini aytdi. Bunda mavjud bankni sotib olish yoki yangi bank tashkil etish imkoniyatlari mavjud sharoitdan kelib chiqib baholanadi.

Guruhning ushbu rejalari AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) bazasida e’lon qilingan VEON Digital Finance Group taqdimotida ham aks etgan. Unda bank xizmatlari kompaniyaning moliyaviy biznesini kengaytirish yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.

VEON qanday xizmatlarni rivojlantirmoqchi?

Hozirda guruh O‘zbekistonda elektron hamyon xizmatlarini ko‘rsatmoqda va mikrokreditlash yo‘nalishini rivojlantirmoqda. VEON’ning o‘z bahosiga ko‘ra, uning elektron hamyoni mahalliy bozorda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

Bank litsenziyasining olinishi kompaniyaga to‘lov operatsiyalaridan tashqari xizmatlarni ham yo‘lga qo‘yish, jumladan, depozitlarni jalb qilish va yirikroq kreditlar ajratish imkonini beradi. Kelgusida guruh sug‘urta va investitsiya mahsulotlarini ham rivojlantirishni rejalashtirgan.

VEON boshqa bozorlarda moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish tajribasiga ega. Pokistonda guruh JazzCash elektron hamyoni, Mobilink Microfinance Bank va JazzSure sug‘urta xizmati orqali faoliyat yuritadi. 2026-yil sentabr holatiga ko‘ra, JazzCash’ning faol foydalanuvchilari soni 30,4 mln nafarga yetgan, so‘nggi 12 oyda platforma orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi esa $81 mlrdni tashkil etgan.

2026-yilning to‘qqiz oyida VEON’ning Pokistondagi moliyaviy yo‘nalishi daromadi 60 foizga oshib, $417 mlnni tashkil qildi. Bangladeshda esa guruh Mukto Pay to‘lov platformasini rivojlantirmoqda va raqamli bankni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Beeline Uzbekistan ko‘rsatkichlari

O‘zbekistonda VEON Beeline Uzbekistan orqali faoliyat yuritadi. 2026-yilning uchinchi choragi yakunida kompaniyaning mobil aloqa abonentlari soni qariyb 7,4 mln nafarga yetgan. Telekommunikatsiya xizmatlaridan tashqari, guruh Beepul to‘lov servisi, OQ raqamli brendi va Hambi superilovasini ham rivojlantirmoqda.

2026-yilning to‘qqiz oyida VEON’ning O‘zbekistondagi daromadi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9% ga oshib, 3,03 trln so‘mni tashkil etdi. EBITDA ko‘rsatkichi esa 4,4% ga o‘sib, 1,1 trln so‘mga yetdi.

Raqamli xizmatlar daromadi 483,2 mlrd so‘mni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 20,1% ga oshgan. Ushbu yo‘nalishning mamlakatdagi umumiy daromaddagi ulushi qariyb 15,9% ga teng bo‘lgan.

Shuningdek, iyul oyida VEON O‘zbekiston, Qozog‘iston, Pokiston va Ukrainada moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha Mastercard bilan hamkorlikni e’lon qilgan. Hamkorlik doirasida raqamli hamyonlar, sun’iy intellekt asosidagi kredit skoringi, pul o‘tkazmalari va kichik biznes uchun moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish rejalashtirilgan.

2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya

Capital Markets Day tadbirida VEON 2030-yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini ham taqdim etdi. Guruh raqamli xizmatlar ulushini umumiy daromadning qariyb 50% gacha oshirishni rejalashtirmoqda. 2026-yilning uchinchi choragida bu ko‘rsatkich 27,2% ni tashkil etgan.

Kompaniya, shuningdek, 2026–2030-yillarda daromad va EBITDA ko‘rsatkichlarining har yili organik ravishda 12–15% ga o‘sishini maqsad qilgan.

Moliyaviy xizmatlar telekommunikatsiya biznesi, raqamli mahsulotlar va sun’iy intellekt bilan bir qatorda guruhning kelgusidagi asosiy o‘sish yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Ayni paytda VEON’ning O‘zbekistonda bank litsenziyasini olish muddatlari va bozorga kirishning aniq mexanizmi rasman e’lon qilinmagan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Anthropic IPO orqali rekord darajadagi $81,3 mlrd jalb qildi
/
Anthropic IPO orqali rekord darajadagi $81,3 mlrd jalb qildi
Turk investorlari uchun O‘zbekistonda $8,4 mlrdlik aktivlar savdoga chiqariladi
/
Turk investorlari uchun O‘zbekistonda $8,4 mlrdlik aktivlar savdoga chiqariladi
O‘zbekistonda 10 oyda 23,6 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi
/
O‘zbekistonda 10 oyda 23,6 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi