Toshkentda Yangi Bank bosh ofisi binosi 111,3 mlrd so‘mga sotildi

Auksion g‘olibi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va Kapital Loyihalar Guruhi kompaniyasi bo‘ldi

Toshkentda Yangi Bank bosh ofisi binosi 111,3 mlrd so‘mga sotildi

Toshkent shahridagi sobiq Yangi Bank bosh ofisi binosi E-auksion platformasida 111,3 mlrd so‘mga sotildi. 9-noyabr kuni o‘tkazilgan savdolar g‘olibi Kapital Loyihalar Guruhi qurilish kompaniyasi bo‘ldi.

Auksion 13 daqiqadan sal ko‘proq davom etdi. Unda kompaniya yagona taklif bilan qatnashib, boshlang‘ich narxdan 5 foiz yuqori qiymat taklif qildi. Xabar e’lon qilingan vaqtda lot uchun to‘lov amalga oshirilishi kutilayotgan edi.

Amir Temur shoh ko‘chasi, 99-uyda joylashgan besh qavatli bino 2017-yilda qurilgan. Uning umumiy maydoni 3 648 kvadrat metr, yer uchastkasi esa 0,25 gektarni tashkil etadi. Bino Yunusobod tumanida, O‘zbekiston Milliy bankining bosh binosi yaqinida joylashgan.

Dastlab obyekt 163,3 mlrd so‘mga baholangan. Biroq bir necha bor sotishga urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, bankni tugatish komissiyasi boshlang‘ich narxni bir necha marta pasaytirgan.

Yagona davlat korxona va tashkilotlar reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Kapital Loyihalar Guruhi 2026-yil aprel oyida tashkil etilgan. Kompaniya noturar joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadi. Uning ustav fondi 4,268 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ta’sischilari teng ulushlarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisoblanadi.

Yangi Bankning tugatilishi jarayonida bino sotuvdan tushgan mablag‘lar kreditorlar talablarini qoplashga yo‘naltiriladi. Bunga davlat tomonidan kafolatlangan miqdordan ortiq mablag‘ saqlagan omonatchilar ham kiradi.

Bankni tugatish komissiyasi yig‘ilishi bayonnomasiga ko‘ra, 10-iyun holatiga to‘rtinchi navbatdagi kreditorlar oldidagi qarzdorlik 76,54 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2026-yil 15-yanvarda Yangi Bank litsenziyasini bekor qilib, uni majburiy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Bunga bankning ustav kapitali bo‘yicha minimal talablarni bajarmagani sabab bo‘lgan. 1-yanvar holatiga bank kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan, belgilangan eng kam miqdor esa 500 mlrd so‘m edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston va O‘mon fuqarolari 30 kungacha vizasiz safar qilishi mumkin bo‘ladi
/
O‘zbekiston va O‘mon fuqarolari 30 kungacha vizasiz safar qilishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yanvar oyidan beri eng past darajaga tushdi
/
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yanvar oyidan beri eng past darajaga tushdi
O‘zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi hududlarda vizasiz rejimni tiklash masalasini muhokama qildi
/
O‘zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi hududlarda vizasiz rejimni tiklash masalasini muhokama qildi