Turk investorlari uchun O‘zbekistonda $8,4 mlrdlik aktivlar savdoga chiqariladi
2026–2027 йилларда давлат активлари, кўчмас мулк ва ер майдонларини сотиш режалаштирилган
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbari Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan erishilgan kelishuv asosida tashkil etilgan yangi mexanizm ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashini ta’kidladi.
Shu kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Turkiya biznes forumida 200 dan ortiq ishbilarmon ishtirok etdi. Prezident buni ikki mamlakat tadbirkorlarining o‘zaro sheriklikni kengaytirishga bo‘lgan katta qiziqishi sifatida baholadi.
O‘zbekistonning iqtisodiy maqsadlari
Yig‘ilishda mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va kelgusi maqsadlar haqida ham so‘z bordi. 2017-yildan buyon O‘zbekiston iqtisodiyoti uch barobar o‘sgani va $150 mlrddan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingani qayd etildi.
2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini $300 mlrdga yetkazish, sanoat ishlab chiqarishini ikki barobar oshirish, ushbu tarmoqda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish hamda yuqori texnologik mahsulotlar ulushini uchdan bir qismga yetkazish maqsad qilingan.
Bu vazifalarni amalga oshirishda Turkiya bilan amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha oltin qazib olish hajmini 175 tonnaga, kumush ishlab chiqarishni 500 tonnaga, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 25 gigavattga, ularning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan Atom sanoati maxsus sanoat zonasida 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu mahsulotlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida quriladigan atom elektr stansiyalari ehtiyojlariga ham yo‘naltiriladi.
Shu munosabat bilan turk kompaniyalari tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va yashil energetika sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qilindi.
Elektrotexnika sanoatida hamkorlik
O‘zbekiston – Turkiya iqtisodiy hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri elektrotexnika sanoatidagi kooperatsiyani kengaytirish hisoblanadi.
2030-yilgacha ushbu tarmoq eksportini $5 mlrdga yetkazish va $11,6 mlrd investitsiya jalb qilish maqsad qilingan. Turk kompaniyalariga misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy korxonalar bilan qo‘shma loyihalar tashkil etish taklif qilindi.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligidagi sheriklikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Turkiyaning agrar sohadagi tajribasidan kelib chiqib, organik mineral o‘g‘itlar va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar barpo etish, bog‘dorchilik, suv tejovchi texnologiyalar hamda sovitkich omborlari qurish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va yirik chakana savdo tarmoqlari orqali yetishtirishdan iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan yagona qiymat zanjirini shakllantirishdan manfaatdor.
Yangi Toshkent va infratuzilma loyihalari
Prezident turkiyalik investorlarni Yangi Toshkent qurilishi va mamlakatdagi yirik infratuzilma loyihalarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Turk kompaniyalariga yangi shaharda tijorat va turar joy majmualari, mehmonxonalar, ta’lim hamda tibbiyot muassasalarini barpo etish bo‘yicha hamkorlik taklif qilindi. Pulli avtomobil yo‘llari, aeroportlar va logistika markazlarini rivojlantirish transport sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi.
Farmatsevtika sohasida yangi imkoniyatlar
Mamlakatda tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent farmatsevtika parkida investorlar uchun imtiyozlar, zarur infratuzilma va ishlab chiqarish maydonlari taqdim etilmoqda.
Prezident turk farmatsevtika kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. 2002-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Nobel Pharmsanoat kompaniyasi ushbu sohadagi hamkorlikning amaliy namunasi sifatida qayd etildi. Turkiyaning boshqa yetakchi farmatsevtika kompaniyalari ham hamkorlikka taklif qilindi.
$8,4 mlrdlik davlat aktivlari sotuvga chiqariladi
O‘zbekistonda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik dasturlari turk investorlari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
2026–2027-yillarda umumiy qiymati $8,4 mlrdlik davlat aktivlari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer maydonlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan.
Turk kompaniyalari bilan Samarqand avtomobil zavodini xususiylashtirish, Samarqand viloyati elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurish kabi yirik tashabbuslar bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Davlat rahbari Turkiya banklari, investitsiya fondlari va sanoat kompaniyalarini ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
IT va moliyaviy xizmatlar
Raqamli texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar ham O‘zbekiston – Turkiya iqtisodiy sherikligining muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
O‘zbekiston AT xizmatlari eksportini $5 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan. IT Park rezidentlari uchun joriy etilgan soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangan holda turk kompaniyalari bilan autsorsing, dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda 33 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Ziraat Bank bankining ishi ijobiy baholanib, Turkiyaning boshqa moliya institutlariga ham mamlakat bank sektoridagi islohotlar va xususiylashtirish jarayonlarida faol qatnashish taklif qilindi.
Biz bundan buyon ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettiramiz, — dedi prezident.
Maxsus iqtisodiy zonalarda investitsiya hajmi va belgilangan shartlarga qarab, 3 yildan 10 yilgacha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Yirik investorlar uchun tayyor ishlab chiqarish binolari, yer maydonlari va zarur muhandislik infratuzilmasi taqdim etilmoqda.
Bunga misol sifatida Toshkent viloyatida tashkil etilgan 100 gektarlik «Ostim» sanoat zonasi keltirildi. Hozirda ushbu zonani kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Prezident mazkur tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Aminmanki, sizlar bilan birgalikda yanada yuksak natijalarga albatta erishamiz. Bu borada barchangizga ulkan yutuq va omadlar tilayman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Turkiya kompaniyalari rahbarlari prezident bilan muloqotda mamlakatda faoliyat yuritish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, amalga oshirayotgan loyihalari, kelgusi rejalari hamda takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ