Urganch — Xiva pulli yo‘lidan kuniga 1,7 mingga yaqin avtomobil foydalanmoqda
Ikki oydan ortiq vaqt oldin foydalanishga topshirilgan trassada ayrim kunlari avtomobillar soni 2 mingtagacha yetmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Urganch — Xiva pulli avtomobil yo‘lidan kuniga o‘rtacha 1,6–1,7 mingta avtomobil harakatlanmoqda. Ayrim kunlarda bu ko‘rsatkich 2 mingtaga yetadi. Bu haqda Xorazm viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dushanboy Zarifboyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, trassa dastlab ikkita to‘lov terminali bilan ish boshlagan. Keyinchalik Yangiariq — Xiva yo‘nalishidan ham pulli yo‘lga kirish imkoniyati yaratilib, terminallar soni uchtaga yetkazilgan.
Yangiariq tomondan kelayotgan haydovchilar trassaga uning yettinchi kilometrida qo‘shilishi mumkin. Ushbu yo‘nalish orqali Xivagacha bo‘lgan masofa 28 km ni tashkil etadi.
Shuningdek, trassada harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida chorva mollari yo‘lga chiqishining oldini oluvchi maxsus to‘siqlar o‘rnatilmoqda. Boshqarma vakilining ta’kidlashicha, bu choralar yuqori tezlikda harakatlanadigan avtomobillar haydovchilari va yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Yo‘l haqi bank kartasi yoki QR-kod orqali to‘lanadi. Yengil avtomobillar va mototsikllar uchun tarif dastlabki 26,4 ming so‘mlik taklifdan 17,6 ming so‘mgacha pasaytirilgan. Yangiariq — Xiva yo‘nalishida esa to‘lov 14,52 ming so‘mni tashkil etadi.
Mikroavtobuslar uchun tarif 44 ming so‘m, avtobuslar uchun esa 66 ming so‘m etib belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ