O‘zbekiston va O‘mon $5 mlrdlik loyihalar portfelini shakllantirdi
Biznes forum doirasida ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida 20 ta kelishuv va memorandum imzolandi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston — O‘mon biznes forumining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Tadbirda O‘mon bosh vaziri o‘rinbosari Zeyazin bin Haysam Ol Said, ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, yetakchi kompaniyalar, moliya institutlari va ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘mon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar va erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Prezident 2026-yilda o‘zaro savdo hajmi sezilarli oshganini qayd etib, mavjud iqtisodiy salohiyat hali to‘liq ishga solinmaganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni $1 mlrdga yetkazish maqsad qilib belgilandi.
Tashrif doirasida umumiy qiymati $5 mlrdlik aniq loyihalar portfeli shakllantirildi. O‘zbekiston prezidenti eng muhimi kelishuvlar soni emas, balki ularning amaliy natijasi ekanini alohida ta’kidladi.
U sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, zamonaviy shaharsozlik va turizm, mineral resurslarni o‘zlashtirish, shuningdek, moliya va raqamli texnologiyalar sohalarini hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishi sifatida taklif etdi.
Prezident O‘monning dengiz portlari va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik imkoniyatlarini birlashtirish muhimligini qayd etdi. Sohar shahrida logistika infratuzilmasini barpo etish, yagona savdo-logistika platformasini shakllantirish, shuningdek, aviaqatnovlarni ko‘paytirish va yuk tashish reyslarini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Shuningdek, prezident O‘mon investorlarining Yangi Toshkent loyihasidagi ishtirokini yuqori baholadi. Yangi shaharda barpo etiladigan “Masqat” mavzesi ikki xalq do‘stligining yorqin ramziga aylanishiga ishonch bildirdi.
U kimyo sanoati, geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalari ishlab chiqilganini ta’kidladi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev o‘monlik ishbilarmonlarni O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi. U har bir investor uchun qulay va ishonchli muhit yaratish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Oman News Agency ma’lum qilishicha, forum doirasida O‘zbekiston va O‘mon kompaniyalari o‘rtasida 20 ta kelishuv va memorandum imzolandi. Kelishuvlar sanoat va energetika, tog‘-kon sanoati, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, moliya va investitsiyalar, qurilish va shaharsozlik, iqtisodiy va erkin zonalar doirasidagi hamkorlik, kosmik texnologiyalar va geoinformatsion tizimlar, shuningdek, avtomobil sanoati va sun’iy intellekt texnologiyalari kabi sohalarni qamrab olgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ