Urganch — Xiva pulli yo‘lida tariflar tasdiqlandi

Yengil avtomobillar va mototsikllar uchun yo‘l haqi 17 600 so‘m etib belgilandi

Urganch — Xiva pulli yo‘lida tariflar tasdiqlandi

Transport vazirligi Urganch — Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish tartibini belgilovchi vaqtinchalik nizomni tasdiqladi. Hujjat 30-sentabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Nizom yangi trassada harakatni tashkil etish, yo‘ldan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish, tariflarni belgilash va yo‘l haqini undirish tartibini belgilaydi.

Yakuniy hujjatdagi asosiy o‘zgarish yengil avtomobillar va mototsikllar uchun tarifning pasaytirilgani bo‘ldi. Urganch — Xiva yo‘nalishidan to‘liq foydalanish uchun endi BHMning 4%i, ya’ni 17 600 so‘m to‘lanadi. Jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan dastlabki loyihada ushbu tarif 6% yoki 26 400 so‘m etib belgilanishi taklif qilingan edi.

Pulli yo‘l tariflari

Xiva — Urganch yo‘nalishining 35 kilometrlik qismida yengil avtomobillar va mototsikllar uchun tarif 17 600 so‘mni tashkil etadi.

Mikroavtobuslar uchun yo‘l haqi 44 ming so‘m, avtobuslar uchun 66 ming so‘m etib belgilangan. 2–3 o‘qli yuk avtomobillari 88 ming so‘m, 4 va undan ortiq o‘qli yuk avtomobillari hamda avtopoyezdlar 132 ming so‘m to‘laydi.

Yangiariq — Xiva yo‘nalishining 28 kilometrlik qismida esa tariflar mos ravishda 14 520 so‘mdan 105 600 so‘mgacha etib belgilangan.

To‘lov qanday amalga oshiriladi?

Haydovchilar yo‘l haqini bir necha usulda to‘lashi mumkin. Jumladan, operator tizimida shaxsiy elektron hisob ochib, unga mablag‘ kiritish va yo‘ldan foydalanilganda to‘lovni avtomatik ravishda yechib borish mumkin.

Shuningdek, yo‘lga kirish joylaridagi maxsus to‘lov shoxobchalari orqali haq to‘lash yoki yo‘l talonini sotib olish imkoniyati mavjud.

Tariflar, to‘lov usullari, harakatlanish shartlari va muqobil bepul yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar yo‘lga kirish joylarida, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadi.

Yo‘l haqi shlagbaumlar orqali yoki ularsiz, avtomobilning davlat raqamini avtomatik aniqlash va o‘qish tizimi yordamida undirilishi mumkin. Davlat raqamini yashirish, sun’iy ravishda o‘zgartirish yoki kameraning uni o‘qishiga xalaqit berish taqiqlanadi.

Agar haydovchining elektron hisobida mablag‘ bo‘lmasa, operator unga to‘lov haqida bildirishnoma yuboradi. Unda avtomobil raqami, yo‘ldan foydalanilgan sana va vaqt, qarz miqdori hamda to‘lov usullari ko‘rsatiladi. Bildirishnoma yuborilganidan keyin besh ish kuni ichida qarzni to‘lash kerak.

Belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmasa, operator qarzni undirish uchun sudga murojaat qilishi mumkin. Keyinchalik ish Majburiy ijro byurosiga yuborilib, transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, sotish yoki boshqa shaxsga o‘tkazishga cheklov qo‘yilishi mumkin.

Qaysi transport vositalariga yo‘l yopiq?

Pulli yo‘lda me’yordan ortiq gabarit yoki vaznga ega transport vositalari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar hamda velosipedlarning harakatlanishiga ruxsat berilmaydi.

Dvigateli 25 kub santimetrdan kichik yoki quvvati 0,25 kVtdan past moped va skuterlarga ham yo‘l yopiq.

Bundan tashqari, trassada transport vositalarini shatakka olish va xavfli yuklarni tashishga ruxsat berilmaydi.

Operator yo‘l ishga tushishidan oldin trassaning texnik tayyorligi, to‘lov tizimi va axborot tablolarining ishlashini ta’minlashi shart.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Argentina “oltin pasport” dasturini ishga tushiradi
/
Argentina “oltin pasport” dasturini ishga tushiradi
Zafar Hoshimov Prezident Administratsiyasi huzuridagi ishchi guruhga rahbarlik qiladi
/
Zafar Hoshimov Prezident Administratsiyasi huzuridagi ishchi guruhga rahbarlik qiladi
O‘zbekistonda barcha valyutalar qiymati tushdi
/
O‘zbekistonda barcha valyutalar qiymati tushdi