Argentina “oltin pasport” dasturini ishga tushiradi
Dastur $350 ming miqdoridagi qaytarilmaydigan badal yoki $800 minglik davlat obligatsiyalariga investitsiya kiritishni nazarda tutadi
Chet ellik investorlar mamlakat iqtisodiyotiga belgilangan miqdorda investitsiya kiritish orqali Argentina fuqaroligini olish uchun ariza berishi mumkin. Bu haqda Argentina Iqtisodiyot vazirligi ma’lum qildi.
Argentina Janubiy Amerikada investitsiya evaziga fuqarolik berish dasturini ishga tushirgan birinchi davlat bo‘ladi. Arizalarni qabul qilish 2026-yilning to‘rtinchi choragida boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Argentina Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dasturda ishtirok etish variantlaridan biri $350 ming miqdoridagi qaytarilmaydigan badalni to‘lashni nazarda tutadi. Boshqa variant esa $800 ming miqdorida davlat obligatsiyalarini sotib olishdan iborat.
Dastur Argentinaga katta miqdorda investitsiya kiritganini tasdiqlay oladigan xorijiy fuqarolar uchun mo‘ljallangan. Arizalar maxsus agentlik va vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Jarayon doirasida arizachining shaxsi, mablag‘larning kelib chiqishi, moliyaviy holati va aktivlari tekshiriladi. Shuningdek, sudlanganlik holati, obro‘-e’tibori va immigratsiya tarixi ham o‘rganiladi.
Investor bilan birga uning oila a’zolari ham fuqarolik olish uchun ariza topshirishi mumkin. Turmush o‘rtoqlar va 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan turmush qurmagan farzandlar uchun $100 ming, voyaga yetmagan farzandlar uchun esa $25 ming miqdorida badal belgilangan.
“Oltin pasport” atamasi mamlakat iqtisodiyoti, ko‘chmas mulki yoki davlat aktivlariga katta miqdorda investitsiya kiritish evaziga fuqarolik olish imkonini beruvchi dasturlarni anglatadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ