O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 16% ga kamaydi
Neft va gaz kondensati qazib olish ham qisqardi, biroq neft mahsulotlari ishlab chiqarish oshdi
Фото: Нефть и капитал
2026-yilning sakkiz oyida O‘zbekistonda 24,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,3% ga kam. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Bir yil avval gaz qazib olish hajmi 28,9 mlrd kub metrni, 2024-yil yanvar–avgust oylarida esa 30,1 mlrd kub metrni tashkil etgan. Shu tariqa, ikki yil ichida gaz qazib olish qariyb 20% ga kamaygan.
Neft va kondensat qazib olish ham qisqardi
Sakkiz oyda neft qazib olish hajmi 425 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi 434,5 ming tonnaga nisbatan 2,2% ga kamaygan. 2024-yil yanvar–avgust oylariga nisbatan esa ko‘rsatkich 12,4% ga pasaygan. O‘sha davrda 485,1 ming tonna neft qazib olingan.
Gaz kondensati ishlab chiqarish 14,8% ga kamayib, 760,5 ming tonnadan 648,3 ming tonnagacha tushgan. 2024-yil darajasiga nisbatan pasayish 21,8% ni tashkil etgan.
Shu bilan birga, ayrim neft mahsulotlarini ishlab chiqarish oshgan. Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 6,1% ga ko‘payib, 834,3 ming tonnaga, avtomobil benzini ishlab chiqarish esa 4,6% ga oshib, 811,3 ming tonnaga yetgan.
Shunga qaramay, benzin ishlab chiqarish hajmi ikki yil avvalgi darajadan pastligicha qolgan. 2024-yil yanvar–avgust oylarida 898,3 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan.
Tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarish qisqardi
Yanvar–avgust oylarida tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sohasida ishlab chiqarish hajmi 57,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu jami sanoat ishlab chiqarishining 6,2% iga teng.
Mazkur sektorda fizik hajm indeksi 97,6% ni tashkil etib, ishlab chiqarish 2,4% ga kamayganini ko‘rsatdi. Tog‘-kon sanoati sanoatning to‘rtta asosiy tarmog‘i orasida ishlab chiqarish pasaygan yagona yo‘nalish bo‘ldi.
Qolgan tarmoqlarda ishlab chiqarish o‘sdi: ishlab chiqarish sanoatida 9,1%, elektr, gaz va bug‘ bilan ta’minlash sohasida 11,8%, suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindilarni utilizatsiya qilish sohasida 10,2%.
Yanvar–avgust oylarida ko‘mir qazib olish 10,2%ga kamayib, 4,4 mln tonnani tashkil etdi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish oshdi
Sakkiz oyda elektr energiyasi ishlab chiqarish 7,3% ga oshib, 60,5 mlrd kVt·soatga yetdi.
O‘sish asosan kichik korxonalar hisobiga ta’minlangan. Ularning elektr energiyasi ishlab chiqarishi 15,2 mlrd kVt·soatdan 20,2 mlrd kVt·soatgacha oshgan. Yirik korxonalar esa ishlab chiqarishni 41,2 mlrd kVt·soatdan 40,4 mlrd kVt·soatgacha qisqartirgan.
Yirik korxonalar tomonidan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 19,1% ga kamayib, 10,9 mln Gkalni tashkil etdi.
Sanoat ishlab chiqarishi 8% ga o‘sdi
Uglevodorodlar qazib olish va tog‘-kon sanoatidagi pasayishga qaramay, O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmi yanvar–avgust oylarida 926,5 trln so‘mga yetib, 8% ga oshgan.
Sanoat ishlab chiqarishining asosiy qismi ishlab chiqarish sanoatiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu tarmoqda 805,7 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu jami sanoat ishlab chiqarishining 87% ini tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ