“Uchkurgan Textile” “Uztex Group” ning 100% aksiyasini sotib oladi
“Uztex Group” avvalroq “Zarofattex” kompaniyasini ham sotib olgan edi
Raqobat qo‘mitasi “Uchkurgan Textile” MChJning “Uztex Group” AJ aksiyalarining 100 foizini sotib olish bo‘yicha bitimiga rozilik berdi. Maxsus komissiya tahliliga ko‘ra, mazkur kelishuv bozordagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda qo‘mita xabar berdi.
Yuridik shaxslar yagona davlat reyestri (YЕGRPO) ma’lumotlariga ko‘ra, “Uchkurgan Textile” 2013-yilda Namangan viloyatining Uychi tumanida tashkil etilgan. Korxona paxta ip-kalava ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi.
Kompaniyaning ustav fondi 40 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning yagona ta’sischisi Akmal Bahodirovich Zoxidov, rahbari esa Adiljon Tojiddinovich Jo‘rayev hisoblanadi.
2010-yilda tashkil etilgan “Uztex Group” trikotaj kiyimlar ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning ustav fondi 300,56 mlrd so‘mga teng. Hozirda uning yagona aksiyadori Farhod Faxritdinovich Mamatjonov hisoblanadi.
Joriy yilning iyul oyi oxirida Raqobat qo‘mitasi “Uztex Group” tomonidan “Zarofattex” kompaniyasini sotib olish bitimiga ham rozilik bergan edi. Chirchiq shahrida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan ushbu korxona “Uztex Group” bilan bir xil manzilda ro‘yxatdan o‘tgan.
Shuningdek, qo‘mita avvalroq Perfectum mobil operatori brendi ostida faoliyat yurituvchi “Rubicon Wireless Communication” kompaniyasining 50% ulushini sotish bo‘yicha bitimga rozilik berilganini ma’lum qilgan. O‘shanda nazorat organi F. Mamatjonov ismli fuqaroning kompaniya ulushini sotib olish haqidagi arizasini ko‘rib chiqqan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ