O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun tobora ko‘proq investitsiya talab etilmoqda

2025-yilda xorijiy investitsiyalar va kreditlarning kapital qo‘yilmalardagi ulushi 70% dan oshgan

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun tobora ko‘proq investitsiya talab etilmoqda

O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar so‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmidan tezroq o‘smoqda. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun hozir avvalgiga qaraganda ko‘proq kapital qo‘yilmalar talab etilmoqda. Bu haqda pul-kredit siyosatining 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari loyihasiga kiritilgan tadqiqotda so‘z boradi.

Regulyator iqtisodiyotning yuqori kapital sig‘imini, jumladan, energetika, sanoat va infratuzilmaga yirik investitsiyalar kiritilayotgani bilan bog‘lamoqda. Bunday loyihalar natijasi bir necha yildan keyin namoyon bo‘lishi mumkin, shuning uchun hozirgi ko‘rsatkichlar investitsiyalar samarasiz bo‘lganini anglatmaydi.

Shu bilan birga, Markaziy bank loyihalarni moliyalashtirishda xorijiy investitsiyalar va kreditlarning roli ortib borayotganiga e’tibor qaratmoqda. Regulyator allaqachon yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liqroq foydalanish muhim, deb hisoblaydi.

Investitsiyalar va ularning samarasi qanday o‘zgardi?

investitsiyalar, markaziy bank

2017-yilgacha O‘zbekistonda asosiy kapitalga investitsiyalarning YAIMdagi ulushi nisbatan barqaror bo‘lgan, shundan keyin esa sezilarli darajada osha boshlagan. Ayniqsa, 2023−2025-yillarda o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda investitsiyalar YAIMning 20,2% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 32,9% ga yetgan. 2024-yilda esa 34,9% ni tashkil etgan. 2025-yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 32,6% gacha tushgan. Nominal ifodada kapital qo‘yilmalar hajmi shu davrda 84,9 trln so‘mdan 656,6 trln so‘mgacha oshgan. Biroq bu summalar joriy narxlarda keltirilgani sababli, ularning o‘sishi qisman inflyatsiya bilan bog‘liq.

Markaziy bank investitsiyalar dinamikasini ishlab chiqarish natijalari bilan taqqoslagan.

Investitsiyalarning joriy samarasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar kapital jamg‘arish sur’ati ishlab chiqarish natijalaridan oldinda borayotganini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy o‘sish yuqori darajada saqlanayotgan bo‘lsa-da, investitsiyalar hajmi undan tezroq o‘smoqda. Kapital sig‘imi bo‘yicha hisob-kitoblarda ham so‘nggi yillarda qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun avvalgi davrlarga nisbatan ko‘proq investitsiya talab qilinayotgani ko‘rinadi, — deyiladi tadqiqotda.

Baholashda ICOR (Incremental Capital-Output Ratio) — qo‘shimcha kapital sig‘imi koeffitsiyentidan foydalanilgan. U qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun qancha investitsiya talab etilishini ifodalovchi kapital sig‘imi ko‘rsatkichi. Ko‘rsatkichning yuqori bo‘lishi bir birlik qo‘shimcha o‘sish uchun ko‘proq investitsiya talab etilayotganini anglatadi.

Markaziy bank grafigiga ko‘ra, 2010-yillar boshida ICOR taxminan 2,5−2,7 darajasida bo‘lgan, 2020-yilda esa qariyb 6,8 bilan eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan.

Keyingi yillarda ko‘rsatkich pasayib, 2025-yilda taxminan 4,8 ni tashkil etgan. Shu tariqa, iqtisodiyotning kapital sig‘imi 2020-yildagi yuqori ko‘rsatkichga nisbatan kamaygan, ammo ko‘rib chiqilayotgan davr boshidagi darajadan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, ICOR alohida loyihalarning o‘zini qoplashini o‘lchamaydi va yirik investitsiyalar natijalari kechikib namoyon bo‘lishi mumkinligini to‘liq hisobga olmaydi.

Qaysi tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmiga nisbatan eng ko‘p investitsiya kiritilmoqda?

investitsiyalar, markaziy bank

Markaziy bank alohida jadvalda tarmoqlar bo‘yicha investitsion intensivlikni keltirgan. Bu ko‘rsatkich asosiy kapitalga investitsiyalarning tegishli tarmoq tomonidan bir yilda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatga nisbatini ifodalaydi.

2025-yilda eng yuqori ko‘rsatkichlar suv ta’minoti va chiqindilar, energetika hamda tog‘-kon sanoatida qayd etilgan.

Masalan, 469,8% lik ko‘rsatkich suv ta’minoti va chiqindilarni boshqarish sohasiga 2025-yilda ushbu tarmoqning shu davrda yaratgan yalpi qo‘shilgan qiymatidan qariyb 4,7 baravar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilganini anglatadi. Bu infratuzilma qurilishi va uskunalarni yangilash katta investitsiyalarni talab qiladigan kapital sig‘imi yuqori sohalar uchun xos.

Regulyator jadvalga izohda muhim ogohlantirish bergan: Ko‘rsatkich tarmoqda kapital jamg‘arish sur’atini ifodalaydi va investitsiyalar samaradorligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri baholamaydi.

2018-yil bilan taqqoslaganda, investitsiya intensivligi tog‘-kon va qayta ishlash sanoatida sezilarli darajada oshgan. Energetikada esa u biroz pasaygan, ammo hanuz yuqori darajada qolmoqda.

Nega investitsiyalar natijasi darhol namoyon bo‘lmaydi?

investitsiyalar, markaziy bank

O‘zbekistonda kapital qo‘yilmalarning salmoqli qismi binolar, inshootlar va infratuzilma obyektlarini qurishga to‘g‘ri keladi. Mashina va uskunalar xaridiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi yuqori bo‘lib qolayotganiga qaramay, ularning investitsiyalardagi ulushi so‘nggi yillarda biroz kamaygan.

Markaziy bank bahosiga ko‘ra, energetika, transport va boshqa infratuzilmaga kiritilgan investitsiyalar vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishi, logistikani yaxshilashi va biznesni kengaytirishdagi cheklovlarni bartaraf etishi mumkin.

Tadqiqotda qayd etilishicha, avval amalga oshirilgan investitsiyalarning ayrim natijalari iqtisodiyotda allaqachon namoyon bo‘lmoqda: real YAIM bandlikka nisbatan tezroq o‘smoqda, bu mehnat unumdorligi oshganini ko‘rsatadi, sanoat ishlab chiqarishi va oltinsiz eksport hajmi ortib bormoqda.

Biroq bu o‘zgarishlar hozircha kapital qo‘yilmalar o‘sishiga nisbatan ancha mo‘’tadil.

Shu munosabat bilan Markaziy bank amaldagi va yangi quvvatlardan to‘liqroq foydalanish zarurligini ta’kidlamoqda. “Yangi kapitalning ishlab chiqarish natijalarida qay darajada aks etishi joriy yuqori investitsion faollikning o‘rta muddatli samaradorligini belgilaydi”, — deyiladi tadqiqotda.

Xorijiy investitsiyalar va kreditlarning roli oshdi

investitsiyalar, markaziy bank

So‘nggi yillarda kapital qo‘yilmalarni moliyalashtirish manbalari tarkibi sezilarli darajada o‘zgardi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilga kelib xorijiy investitsiyalar va kreditlarning ularning umumiy hajmidagi ulushi 70% dan oshgan. Taqqoslash uchun, 2018-yilgacha bu ko‘rsatkich asosan 20−25% doirasida bo‘lgan.

Shu bilan birga, korxonalarning o‘z mablag‘lari va ichki kredit resurslarining ulushi kamaygan.

Tashqi moliyalashtirishni jalb qilish mamlakatdagi yuqori foiz stavkalari sharoitida ham yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.

Biroq regulyator ta’kidlaganidek, investitsiyalarning barqaror o‘sishi uchun ichki manbalar — korxonalarning moliyaviy resurslari, bank kreditlari va kapital bozorini ham rivojlantirish zarur. Bu xorijiy moliyalashtirishning mavjudligiga bog‘liqlikni kamaytirish imkonini beradi.

Markaziy bank, shuningdek, korxonalar foydasi va o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan kapital qo‘yilmalarni taqqoslagan. Keltirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021−2025-yillarda kompaniyalar foydasi sezilarli darajada oshgan, ammo o‘z mablag‘lari hisobidan investitsiyalar bundan mo‘’tadilroq sur’atlarda ko‘paygan.

Foydani hisoblashda Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari inobatga olinmagan.

Investitsiya bumlari inflyatsiyaga qanday ta’sir qiladi?

Yuqori investitsiya faolligi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq bir vaqtning o‘zida qurilish materiallari, uskunalar, ishchi kuchi va xizmatlarga bo‘lgan talabni oshiradi. Agar ichki ishlab chiqarish bu talabga yetib bora olmasa, korxonalar xarajatlar oshishiga duch kelishi mumkin. Bundan tashqari, import uskunalarining xaridi tashqi savdo va xorijiy valyutaga bo‘lgan talabga ta’sir qiladi.

Markaziy bank investitsiya faolligini iste’mol, aholi daromadlari, kreditlash va budjet xarajatlarining o‘sishi bilan bir qatorda inflyatsiya bosimini kuchaytiruvchi omillardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Bunday sharoitda regulyator talab va inflyatsion kutilmalarning haddan tashqari o‘sishini jilovlash uchun qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab qolishni rejalashtirmoqda.

Markaziy bankning bazaviy prognoziga ko‘ra, asosiy kapitalga real investitsiyalar 2026-yilda 14−16% ga, 2027-yilda 12−14% ga, 2028−2029-yillarda esa har yili 10−12% ga oshadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda firibgarlik oqibatida fuqarolar 278 mlrd so‘m zarar ko‘rdi
/
O‘zbekistonda firibgarlik oqibatida fuqarolar 278 mlrd so‘m zarar ko‘rdi
Toshkentda renovatsiya doirasida mulkdorlarga avvalgisidan 1,5 barobar katta uy berilishi mumkin
/
Toshkentda renovatsiya doirasida mulkdorlarga avvalgisidan 1,5 barobar katta uy berilishi mumkin
IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish JST bilan muzokaralarda ko‘tarilmagan
/
IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish JST bilan muzokaralarda ko‘tarilmagan