O‘zbekistonda firibgarlik oqibatida fuqarolar 278 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 18,8 mingta holatda fuqarolarning telefonlariga zararli dasturlar o‘rnatilgan

O‘zbekistonda firibgarlik oqibatida fuqarolar 278 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

2026-yil 1-yanvardan 1-oktabrgacha O‘zbekistonda fuqarolarga nisbatan qayd etilgan firibgarlik holatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zarar 278,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Tezkor choralar natijasida ushbu mablag‘larning 113,1 mlrd so‘mi bloklangan.

Markaziy bankning Yagona platformasi orqali Ichki ishlar vazirligining Cardblock platformasida ro‘yxatga olingan firibgarlik holatlari bo‘yicha murojaatlar tahlil qilindi.

Eng ko‘p uchragan firibgarlik usuli fuqarolarning mobil qurilmalariga zararli dasturlarni o‘rnatish bilan bog‘liq. Bu yo‘nalishda 18 830 ta holat qayd etilgan, moddiy zarar esa 79,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Shuningdek, bank kartalari va elektron hamyonlardan pul yechib olingan, biroq murojaatlarda firibgarlik turi ko‘rsatilmagan 11 475 ta holat aniqlangan. Ular bo‘yicha zarar miqdori 98,1 mlrd so‘mga yetgan.

Firibgarlikning boshqa keng tarqalgan usullari va ular oqibatida yetkazilgan zarar quyidagicha:

  • Telegram akkauntlarini egallab olish — 2 808 ta holat, 21,9 mlrd so‘m zarar;
  • soxta treyding platformalari orqali daromad va’da qilish — 1 044 ta holat, 15,1 mlrd so‘m zarar;
  • moliyaviy piramida alomatlariga ega sxemalarga pul kiritish — 1 086 ta holat, 14 mlrd so‘m zarar;
  • internet orqali mahsulot yoki xizmat uchun oldindan to‘lov olib, va’dani bajarmaslik — 3 571 ta murojaat, 10,5 mlrd so‘m zarar;
  • firibgarlarning telefon orqali bergan ko‘rsatmalarini bajarish — 611 ta holat, 27,7 mlrd so‘m zarar;
  • fuqarolarni kreditni to‘xtatish bahonasida aldab, ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish — 130 ta holat, 10,6 mlrd so‘m zarar;
  • onlayn o‘yinlar uchun to‘lov jarayonidagi firibgarlik — 272 ta holat, 900 mln so‘m zarar.

Kredit bo‘yicha avtomatik undiruvlar ham murojaatlarga sabab bo‘lgan

Tahlil davomida ayrim fuqarolar bank hisobvaraqlaridan pul yechib olinganini firibgarlik deb gumon qilib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgani aniqlangan.

Biroq o‘rganishlar natijasida ushbu holatlarda kredit qarzdorligini qoplash uchun banklar tomonidan avtomatik undiruv amalga oshirilgani ma’lum bo‘lgan.

Shu sababli 2 737 ta murojaat qayd etilgan. Ular bilan bog‘liq mablag‘lar miqdori 7,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ayni paytda yuqorida qayd etilgan firibgarlik holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Markaziy bank firibgarlardan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Markaziy bank fuqarolarga internet va telefon orqali amalga oshiriladigan firibgarliklardan himoyalanish uchun bir qator tavsiyalarni eslatdi.

Xususan, messenjerlar va noma’lum manbalardan APK fayllarni yuklab olmaslik, o‘zini bank yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirgan shaxslarga bank kartasi ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini bermaslik tavsiya etiladi.

Shuningdek, Telegram akkauntida ikki bosqichli himoyani yoqish, internet orqali xarid qilishda sotuvchining ishonchliligini tekshirish hamda katta daromad va’da qiluvchi shubhali investitsiya loyihalariga ishonmaslik kerak.

Firibgarlik holatiga duch kelgan fuqarolar zudlik bilan o‘z banki yoki to‘lov tashkilotiga, shuningdek, ichki ishlar organlariga murojaat qilishi lozim.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda renovatsiya doirasida mulkdorlarga avvalgisidan 1,5 barobar katta uy berilishi mumkin
/
Toshkentda renovatsiya doirasida mulkdorlarga avvalgisidan 1,5 barobar katta uy berilishi mumkin
IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish JST bilan muzokaralarda ko‘tarilmagan
/
IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish JST bilan muzokaralarda ko‘tarilmagan
O‘zbekistonda ayrim tovarlar eksporti uchun ruxsatnoma talabi bekor qilindi
/
O‘zbekistonda ayrim tovarlar eksporti uchun ruxsatnoma talabi bekor qilindi