O‘zbekistonda ayrim tovarlar eksporti uchun ruxsatnoma talabi bekor qilindi
Yarim tayyor zargarlik buyumlarini xorijga olib chiqishda esa ularning tegishli toifaga mansubligi haqida maxsus xulosa olish talab etiladi
Фото: РИА
2026-yil 13-noyabrdagi O‘RQ–1190-son Qonun bilan O‘zbekistonda ayrim tovarlarni eksport qilish va bojxona rasmiylashtiruvi tartiblariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, prezident va hukumat qarorlari asosida mamlakatdan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilish uchun ruxsatnoma berish tartibi bekor qilindi. Ushbu ruxsatnoma “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” gi Qonunda nazarda tutilgan ruxsatnomalar ro‘yxatidan chiqarildi.
Shu bilan birga, qimmatbaho metallardan tayyorlangan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish uchun ularning aynan shu toifaga mansubligi to‘g‘risida xulosa olish tartibi joriy etildi.
Bunday xulosani Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi beradi.
Bundan tashqari, 2008-yil 7-apreldagi O‘RQ–143-son Qonun o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi. Mazkur hujjat bojxona imtiyozlarini qo‘llash tartibiga oid o‘zgarishlarni nazarda tutgan. Biroq uning bekor qilinishi barcha bojxona imtiyozlari tugatilganini anglatmaydi.
Yangi qonun 2026-yil 14-noyabrdan kuchga kirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ