O‘zbekistonda aholi sezilgan inflyatsiya 10,2% ga yetdi
So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlashganini qayd etgan
Фото: Kapital.uz
2026-yil oktabr yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilayotgan inflyatsiya 10,2% ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan oshgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Faoliyat yo‘nalishlari kesimida eng yuqori sezilayotgan inflyatsiya axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari sohasida qayd etilib, 11,1% ni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkich esa umumiy ovqatlanish sohasida — 8,6% bo‘lgan.
Hududlar orasida Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Poytaxtda aholi sezayotgan inflyatsiya 12,1% ga yetgan. Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda qayd etilib, 8,5% ni tashkil qilgan.
Oylik daromadi 7 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi orasida sezilayotgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan.
So‘rov ishtirokchilari narxlar oshishining asosiy omillari sifatida go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlashganini ko‘rsatgan. Respondentlarning 52 foizi ushbu mahsulotlar narxi oshganini qayd etgan.
Shuningdek, so‘rov qatnashchilarining 47 foizi benzin va boshqa yoqilg‘i turlari, 38 foizi elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari ko‘tarilganini bildirgan.
Bundan tashqari, respondentlarning 24 foizi yo‘l haqi va transport xizmatlari, 22 foizi esa umumiy ovqatlanish xizmatlari qimmatlashganini ta’kidlagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ