O‘zbekistonda $5 mingdan ortiq aktivga ega investorlar xorijiy aksiyalarni sotib olishi mumkin bo‘ladi

Buning uchun malakali investor maqomini olish va fond bozori bo‘yicha bilimlarni tasdiqlash talab etiladi

O‘zbekistonda $5 mingdan ortiq aktivga ega investorlar xorijiy aksiyalarni sotib olishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda mahalliy investitsiya vositachilari orqali xorijiy aksiyalar, obligatsiyalar va ETFlarni sotib olish tartibi belgilandi. Tegishli nizom Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat 12-noyabrdan kuchga kirdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni faqat malakali investor maqomini olgan shaxslar amalga oshirishi mumkin.

Jismoniy shaxslar uchun ushbu maqomni olishda ikkita asosiy talab belgilangan. Birinchidan, investorning pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlari va boshqa moliyaviy vositalarining jami qiymati kamida $5 mingni tashkil etishi kerak. Ikkinchidan, u qimmatli qog‘ozlar bozori, investitsiya vositalari, ular bilan bog‘liq xatarlar hamda qonunchilik bo‘yicha bilimini sinovdan o‘tkazishi lozim.

Biroq qo‘shimcha mezonlardan kamida bittasiga javob beradigan investorlar test sinovidan ozod etilishi mumkin. Bular jumlasiga so‘nggi 12 oy davomida qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlar tuzgan shaxslar, qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka attestatiga yoki xalqaro moliyaviy sertifikatlarga ega bo‘lganlar kiradi. Shuningdek, tegishli yo‘nalishda oliy ma’lumotga ega bo‘lish yoki shu sohada kamida ikki yillik ish tajribasi ham testdan ozod qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Test savollari mazmuni, baholash mezonlari va sinovlarni o‘tkazish tartibini investitsiya vositachilari belgilaydi. Bilimlarni tekshirish yozma yoki elektron shaklda tashkil etilishi mumkin.

Yuridik shaxslar uchun malakali investor maqomini olishning alohida shartlari nazarda tutilgan. Jumladan, kompaniyaning sof aktivlari qiymati kamida 1 500 bazaviy hisoblash miqdoriga, ya’ni 660 mln so‘mga teng bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, tashkilot shtatida moliya tashkilotida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega, tegishli yo‘nalishda oliy ma’lumot olgan kamida bir nafar xodim bo‘lishi lozim. Yana bir talab — kompaniya avvalgi 12 oy ichida qimmatli qog‘ozlar bozorida kamida beshta bitim amalga oshirgan bo‘lishi kerak.

Ayrim tashkilotlarga esa malakali investor maqomi avtomatik ravishda beriladi. Ular qatoriga banklar, sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari, investitsiya fondlari hamda moliya bozorining boshqa professional ishtirokchilari kiradi.

Shuningdek, nizomga muvofiq, xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotib olishda qarz mablag‘laridan foydalanish taqiqlanadi.

Qaysi xorijiy qimmatli qog‘ozlar savdoga chiqariladi?

Malakali investor maqomini olish mahalliy bozorda barcha xorijiy aksiyalar va ETFlarni sotib olish imkonini bermaydi. Qimmatli qog‘ozlar muomalaga kiritilishi uchun Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ma’qullanishi va maxsus reyestrga kiritilishi kerak.

Talablardan biri ushbu moliyaviy vositalar savdo qilinadigan xorijiy fond birjasiga tegishli. Unga ko‘ra, tegishli savdo maydonchasining jami kapitallashuvi oxirgi yakunlangan yil natijalariga ko‘ra kamida $1 trln bo‘lishi lozim.

Shunday qilib, yangi tartib mahalliy investitsiya vositachilari orqali sotib olinishi mumkin bo‘lgan xorijiy moliyaviy vositalarga ham, ularga sarmoya kiritadigan investorlarga ham talablarni belgilaydi. Amalda qaysi aksiyalar, obligatsiyalar va ETFlar savdoga chiqarilishi esa regulyator qarori hamda muayyan qimmatli qog‘ozlarning maxsus reyestrga kiritilishiga bog‘liq.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Microsoft servislarida global uzilish yuz berdi
/
Microsoft servislarida global uzilish yuz berdi
O‘zbekistonning 2025-yildagi YIM hajmi qayta hisob-kitoblardan so‘ng $169 mlrdga yetdi
/
O‘zbekistonning 2025-yildagi YIM hajmi qayta hisob-kitoblardan so‘ng $169 mlrdga yetdi
O‘zbekistonda madaniyat va san’at vakillariga uy-joy subsidiyasi beriladi
/
O‘zbekistonda madaniyat va san’at vakillariga uy-joy subsidiyasi beriladi