Microsoft servislarida global uzilish yuz berdi
Nosozlik 74 mamlakatdagi foydalanuvchilarga ta’sir qilga
Microsoft korporatsiyasi tizimida global uzilish sodir bo‘ldi. Foydalanuvchilar Outlook pochtasi, Teams videokonferensiyalar servisi, sun’iy intellekt bazasidagi Copilot ovozli yordamchisi va boshqa servislarga ulanishdagi muammolardan shikoyat qilmoqda, deya xabar berdi BBC News.
Uzilishning to‘liq ko‘lami hozircha aniqlanmagan. Downdetector monitoring xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 12-noyabr oqshomida 74 mamlakatdan 140 ming nafar foydalanuvchi Outlook ishidagi muammolar haqida xabar bergan.
Ushbu uzilish Microsoft tarixidagi eng yiriklaridan biriga aylandi va 12 soatdan ortiq vaqtdan beri davom etib, butun dunyodagi davlat tuzilmalari hamda tijorat tashkilotlarida aloqani izdan chiqardi, deb yozadi Reuters.
Holat Avstraliyada Federal politsiya va kontrrazvedka faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Yaponiyada esa uzilish hukumat axborot tizimi infratuzilmasiga ta’sir qilganini mamlakat Vazirlar Mahkamasi ma’lum qildi. Buyuk Britaniyadagi qator tibbiyot muassasalari ish jarayonida uzilishlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Uzilish Microsoft`ga tegishli bo‘lmagan tashqi servislarga ham ta’sir qildi. OpenAI va Anthropic kompaniyalari o‘z mahsulotlarining (katta til modellarining) Microsoft mahsulotlari bilan bog‘langan qismida nosozliklar yuz berganini bildirdi.
Microsoft kiberhujum versiyasini istisno qildi va sodir bo‘layotgan voqealarni infratuzilmaga tushgan “yuklamaning ortib ketgani” bilan izohladi. Korporatsiya nosozliklarni bartaraf etish ustida ishlamoqda, biroq servislarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati “hali me’yoriy darajaga qaytmaganini” qayd etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ