O‘zbekistonning 2025-yildagi YIM hajmi qayta hisob-kitoblardan so‘ng $169 mlrdga yetdi

Natija o‘tgan yilgi nominal YIM avvalgi bahodan 15% yoki $22 mlrdga yuqori bo‘lgan

O‘zbekistonning 2025-yildagi YIM hajmi qayta hisob-kitoblardan so‘ng $169 mlrdga yetdi

O‘zbekistonning 2025-yildagi yalpi ichki mahsuloti (YIM) qayta hisob-kitoblar natijasida 2 126,8 trln so‘m yoki $169 mlrd deb baholandi. Avvalgi hisob-kitoblarda bu ko‘rsatkich 1 849,7 trln so‘m yoki $147 mlrdni tashkil etgan edi. Bu haqda 13-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.

Qayta hisoblash jarayonida 2017−2025-yillar uchun YIMning yillik va choraklik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqildi. Bunda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari, korxona va tashkilotlarning yangilangan yillik hisobotlari hamda takomillashtirilgan statistik kuzatuvlar hisobga olindi.

Yangi va avvalgi baholar o‘rtasidagi tafovut 277,1 trln so‘m yoki qariyb $22 mlrdni tashkil etdi. Bu avvalgi ko‘rsatkichdan 15% ko‘p.

Farqning 36,4 trln so‘mi yoki 13,1%i aholini ro‘yxatga olish natijalari, 80,4 trln so‘mi yoki 29%i qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ma’lumotlari hisobiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 160,3 trln so‘m yoki 57,9% korxona va tashkilotlar bo‘yicha yangilangan statistik ma’lumotlar asosida shakllangan.

Milliy statistika qo‘mitasi YIMning nominal hajmi 15% ga oshirib baholanishi real iqtisodiy o‘sish ham shuncha bo‘lganini anglatmasligini ta’kidladi.

Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 7,8% ni tashkil etgan. Avvalgi bahoda bu ko‘rsatkich 7,7% deb qayd etilgan.

Qo‘mita izohiga ko‘ra, qayta hisoblash natijasida iqtisodiyotda yangi qiymat yaratilgani yo‘q, balki avvalgi hisob-kitoblar to‘liqroq va batafsilroq ma’lumotlar asosida aniqlashtirilgan.

Qayta hisoblash BMTning Milliy hisoblar tizimi standartlari hamda xalqaro ekspertlar tavsiyalariga muvofiq amalga oshirilgan. Uning asosiy maqsadi iqtisodiy faoliyatni statistik hisobda to‘liqroq aks ettirish, yangi ma’lumotlarni milliy hisoblar tizimiga kiritish va turli davrlar ko‘rsatkichlarining o‘zaro taqqoslanishini ta’minlashdan iborat.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda madaniyat va san’at vakillariga uy-joy subsidiyasi beriladi
/
O‘zbekistonda madaniyat va san’at vakillariga uy-joy subsidiyasi beriladi
Navoiyda $220 mlnlik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi
/
Navoiyda $220 mlnlik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodini $1,8 mlrdga modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda
/
Buxoro neftni qayta ishlash zavodini $1,8 mlrdga modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda