Buxoro yangi aeroporti qurilishi bo‘yicha tenderda Turkiya va Qatar kompaniyalari konsorsiumi g‘olib bo‘ldi
Xususiy sherik uch yilgacha muddatda soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan terminal va unga tutash infratuzilmani quradi
Фото: Uzbekistan Airports
Buxorodagi yangi xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurish va boshqarish bo‘yicha xalqaro tender yakunlandi. Unda Turkiyaning Limak İnşaat Sanayi ve Ticaret A.Ş. va Qatarning Hamad Bin Khalid Contracting Company W.L.L. (HBK Contracting) kompaniyalari konsorsiumi g‘olib deb topildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Tender 2026-yil 12-martda e’lon qilingan va ikki bosqichda o‘tkazilgan: dastlabki malaka tanlovi (RFQ) hamda takliflarni qabul qilish (RFP). Birinchi bosqich natijalariga ko‘ra, oltita xalqaro kompaniya keyingi bosqichda ishtirok etishga qo‘yilgan. G‘olibni idoralararo tender komissiyasi aniqlagan.
Loyiha “Qurish — topshirish — boshqarish” (BTO) modeli asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, xususiy sherik obyektni quradi, davlatga topshiradi va keyin kelishuv shartlari asosida undan foydalanadi.
Loyiha shartlariga ko‘ra, xususiy sherik soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega yo‘lovchi terminali, vokzal oldi maydoni, avtoturargohlar hamda ularga tutash infratuzilmani qurishi kerak. Shuningdek, u ushbu obyektlarni boshqarish uchun ham mas’ul bo‘ladi.
Uchish-qo‘nish yo‘lagi va perronni o‘z ichiga olgan aerodrom majmuasini qurish hamda undan foydalanish davlat sherigi zimmasida qoladi.
Keyingi bosqichda qurilish davri uch yilgacha bo‘lgan, 23 yillik davlat-xususiy sheriklik kelishuvi imzolanadi.
G‘olib konsorsium taklifining moliyaviy shartlari, investitsiyalar hajmi va davlat hamda xususiy sheriklar o‘rtasida daromadlarni taqsimlash tartibi hozircha oshkor qilinmagan.
Kompaniyada tender g‘oliblari yirik xalqaro infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega ekani ta’kidlandi.
Jumladan, Turkiyaning Limak kompaniyasi Kosovodagi Prishtina va Senegaldagi Dakar xalqaro aeroportlarini boshqaradi, Istanbul aeroportini qurish va boshqarishda qatnashgan, shuningdek, Quvayt xalqaro aeroportining yangi terminalini qurmoqda.
Qatarning HBK Contracting kompaniyasi 2022-yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati finali o‘tkazilgan “Lusail” stadioni qurilishining bosh pudratchisi bo‘lgan.
Buxoro — Markaziy Osiyoning ikki ming yildan ortiq tarixga ega eng qadimiy shaharlaridan biri. Uning tarixiy markazi 1993-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Yangi aeroport o‘sib borayotgan mehmonlar oqimini qabul qilish va hududning xorijiy mamlakatlar bilan havo qatnovini kengaytirishga xizmat qiladi, — deyiladi Uzbekistan Airports xabarida.
Kompaniya loyiha amalga oshirilishi zamonaviy aeroport infratuzilmasini yaratish va hududning xorijiy sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga yordam berishini ham bildirgan.
Loyiha haqida ma’lumot
Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurish loyihasi 2024-yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan. Dastlab uning qiymati $226 mln deb baholangan. Qurilish hozirgi aeroportdan tashqarida, Buxoro tumanidagi Qumsulton massivida olib borilmoqda.
Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi aeroport loyihasida maydoni 48,5 ming kvadrat metr bo‘lgan yo‘lovchi terminali qurilishi ko‘zda tutilgan. U xalqaro reyslarda soatiga 1200 nafar, ichki reyslarda esa 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Shuningdek, loyihada keytering binosi, avtoturargohlar, yuk maydonlari va sig‘imi 8000 kub metr bo‘lgan yoqilg‘i quyish majmuasi nazarda tutilgan.
2026-yil aprelida qurilish maydoniga tashrif chog‘ida prezidentga aeroport va unga tutash infratuzilma uchun 370 gektar yer ajratilgani ma’lum qilingan. Bu yerda uzunligi 3,3 km bo‘lgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qila oladigan uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, amaldagi Buxoro xalqaro aeroporti 574 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Yo‘lovchilar oqimining asosiy qismi xalqaro reyslarga to‘g‘ri kelgan.
Tenderda ishtirok etishga Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardan 51 ta kompaniya qiziqish bildirgan. Texnik, huquqiy va moliyaviy baholashdan so‘ng oltita talabgor dastlabki malaka saralashidan o‘tgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ