Jensen Xuang Nvidia rahbari lavozimidan ketdi
Kompaniyani vaqtincha moliya direktori Kollet Kress boshqaradi
Nvidia direktorlar kengashi Jensen Xuang kompaniya prezidenti va bosh direktori lavozimlaridan iste’foga chiqqani, shuningdek, direktorlar kengashi tarkibidan chiqishini e’lon qildi. Qaror 12-noyabrdan kuchga kirdi. Xuang Nvidia’ga 33 yil davomida rahbarlik qilgan. Bu haqda kompaniyaning rasmiy xabarida ma’lum qilindi.
Nvidia bosh direktori vazifasini vaqtincha kompaniyaning ijrochi vitse-prezidenti va moliya direktori Kollet Kress bajaradi. U doimiy rahbar tayinlangunga qadar ikkala lavozimni birgalikda egallab turadi.
Ayni paytda direktorlar kengashi yangi bosh direktorni izlashni boshlagan. Nomzodlar kompaniyaning amaldagi xodimlari orasidan ham, tashqaridan ham ko‘rib chiqiladi.
Kollet Kress 2013-yil sentyabridan buyon Nvidia’da ishlaydi. Kompaniyaga kelishidan oldin u qariyb 25 yil davomida yirik texnologik korporatsiyalarning moliya bo‘limlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, Cisco va Microsoft kompaniyalarida ishlagan.
Shuningdek, direktorlar kengashi Xarvi Jonsni kompaniya tarixidagi birinchi kuzatuv kengashi raisi etib tayinladi. U 30 yildan ortiq vaqt davomida tadbirkorlik va texnologiyalar sohasida faoliyat yuritib, venchur loyihalarga investitsiya kiritib keladi. Bungacha Jons Synopsys kompaniyasida bosh direktor va ijrochi direktorlar kengashi raisi lavozimlarida ishlagan.
Yangi kengash raisining ta’kidlashicha, Kollet Kress Nvidia biznesi, mijozlari, operatsion faoliyati va moliyaviy holatini yaxshi biladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya faoliyatni uzluksiz davom ettirish, mijozlar oldidagi majburiyatlarni bajarish va mahsulotlar bo‘yicha rejalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Avvalroq Kapital.uz Nvidia direktorlar kengashi Jensen Xuangni lavozimidan chetlatishi mumkinligi haqida yozgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ