Nvidia direktorlar kengashi Jensen Xuangni lavozimidan chetlatilishi mumkin
Kompaniya rahbari bir nafar xodima va Xitoy foydasiga josuslikda gumonlanayotgan ayol bilan ehtimoliy ishqiy munosabatlari ortidan tekshirilmoqda
Nvidia direktorlar kengashi kompaniya bosh direktori Jensen Xuangni lavozimidan chetlatish bo‘yicha tayyorgarlikni boshladi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Xuang atrofidagi mojaro uning kompaniya xodimlari bilan ehtimoliy ishqiy munosabatlari haqidagi xabarlar ortidan kuchaygan. Jumladan, The New York Times nashri Nvidia sog‘liqni saqlash yo‘nalishi vitse-prezidenti Kimberly Pauell bilan rahbar o‘rtasida nikohdan tashqari munosabatlar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.
Pauell 2008-yildan beri Nvidia’da ishlaydi. U kompaniya texnologiyalarini oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash, jumladan, tibbiy uskunalar sohasida qo‘llashga qaratilgan dasturlarni boshqaradi.
Nashr suhbatlashgan Nvidia’ning besh nafar xodimiga ko‘ra, Xuang va Pauell ikkalasi ham oilali. Ular 2026-yil boshida Kaliforniyaning San-Xose shahrida o‘tkazilgan sohaviy konferensiya vaqtida mehmonxonada bir-biriga mehr ko‘rsatayotgan holatda videoga tushib qolgan. Kompaniyaning ichki qoidalarida rahbarlarning bevosita o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlar bilan ishqiy munosabatda bo‘lishi ma’qullanmaydi.
Bu xabar direktorlar kengashi Xuang faoliyati yuzasidan ichki tekshiruv olib borayotgan bir paytda e’lon qilindi. Avvalroq Nvidia rahbarining Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanayotgan ayol bilan ehtimoliy munosabatlari ham muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi josuslik ayblovlarini rad etib, ularni tuhmat deb atagan. AQSH prezidenti Donald Tramp esa Xuangni “ajoyib shaxs” deb ta’riflab, u ayolning josus ekanini bilmaganini aytgan.
Mojaro AQSH Kongressi e’tiborini ham tortdi. 11-noyabr kuni Vakillar palatasining ikki nafar respublikachi a’zosi Xuang yopiq brifingda ixtiyoriy ravishda ishtirok etmasa, unga josuslik ishi yuzasidan rasmiy chaqiruv yuborilishi mumkinligini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ