O‘zbekistonda madaniyat va san’at vakillariga uy-joy subsidiyasi beriladi
Xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish tartibi belgilandi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillariga ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 11-noyabrdagi qarori bilan “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun ajratiladi. Bunda subsidiya ariza beruvchining asosiy ish joyi joylashgan hududda qurilgan kvartiralar uchun beriladi.
Subsidiya olish uchun qanday talablar qo‘yiladi?
Nizomga muvofiq, ariza beruvchilarning belgilangan mezonlarga mosligi axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi.
Jumladan, quyidagi holatlar hisobga olinadi:
- ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘ining birgalikdagi daromadlari belgilangan mezonlarga mos bo‘lishi;
- ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekistonning hech bir hududida so‘nggi 2 yil davomida mulk huquqi asosida turar joy bo‘lmagan bo‘lishi;
- ariza beruvchining madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lishi;
- tegishli sohada faoliyat yuritish uchun so‘nggi 3 yil davomida litsenziyaga ega bo‘lishi va boshqa mezonlar.
Subsidiya bir oilaga faqat bir marta ajratiladi.
Arizalar qayerda qabul qilinadi?
Talabgorlar subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilishi mumkin. Subsidiya ajratilishi to‘g‘risida xabarnoma olgan ariza beruvchi birlamchi bozordan kvartirani ipoteka krediti asosida sotib olish uchun qurilish tashkiloti yoki developer bilan shartnoma tuzadi.
Agar boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun ajratilgan subsidiyadan u o‘tkazilgan kundan boshlab 30 kun ichida foydalanilmasa, bank ushbu mablag‘ni respublika byudjetiga qaytaradi.
Tanlov g‘oliblariga 300 mln so‘mgacha mukofot beriladi
Vazirlar Mahkamasining 617-sonli, 2026-yil 11-noyabrdagi qarori bilan madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli tanlovlar g‘oliblari, ularning o‘qituvchilari va konsertmeysterlarini rag‘batlantirish tartibi ham tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, Madaniyat vazirligi tasdiqlagan ro‘yxatga kiritilmagan xalqaro tanlovlar g‘oliblari va sovrindorlariga bir martalik pul mukofoti berilishi uchun tanlov quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
- unda 30 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etishi;
- 20 dan ortiq mamlakat ommaviy axborot vositalarida tanlov haqida ma’lumotlar e’lon qilinishi;
- UNESCO yoki boshqa yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi yoxud tan olinishi;
- kamida to‘rtta saralash bosqichiga ega bo‘lishi.
Nufuzli xalqaro tanlovlar g‘oliblari quyidagi miqdorda mukofotlanadi:
- Gran-pri va birinchi o‘rin uchun — 300 mln so‘mdan;
- ikkinchi o‘rin uchun — 200 mln so‘m;
- uchinchi o‘rin uchun — 100 mln so‘m.
Respublika tanlovlari g‘oliblari uchun esa quyidagi mukofotlar belgilangan:
- Gran-pri va birinchi o‘rin uchun — 100 mln so‘mdan;
- ikkinchi o‘rin uchun — 50 mln so‘m;
- uchinchi o‘rin uchun — 25 mln so‘m.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ