Buxoro neftni qayta ishlash zavodini $1,8 mlrdga modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda
Qurilish ishlari 2028-yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini dastlabki qiymati $1,8 mlrd bo‘lgan loyiha doirasida kengaytirish rejalashtirilmoqda. Loyiha payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.
Qurilish ishlarini 2028-yilda boshlash mo‘ljallangan. Xabarda aytilishicha, zavod loyiha bo‘yicha Xitoy, Fransiya, AQSh va Ozarbayjonning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi.
Neftni qayta ishlash va neftkimyo sohalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yangi texnologik qurilmalarni qurish hisobiga neft mahsulotlarining yillik umumiy ishlab chiqarish hajmini 2,1 mln tonnadan 4,6 mln tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, avtomobil benzini ishlab chiqarishni 2,7 mln tonnaga, dizel yoqilg‘isini $1,24 mln tonnaga, aviatsiya kerosinini esa 500 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, benzol va boshqa neftkimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar yaratish imkoniyatlari kengayadi.
2029-yilning ikkinchi choragida AI-92 va AI-95 rusumli, Yevro-5 ekologik standartiga mos benzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati $328 mlnlik loyihani ishga tushirish ham rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,1 mln tonnani tashkil etadi.
Import qilinadigan yoqilg‘i qo‘shimchalari xarajatlarini qisqartirish hisobiga yiliga $150 mlngacha mablag‘ni tejash kutilmoqda. Shuningdek, 200 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida zavod bilan tanishgan edi. O‘shanda $328 mlnlik loyiha qiymati korxonaning $49 mlnlik o‘z mablag‘lari va $279 mlnlik xorijiy kreditlardan shakllanishi xabar qilingandi.
Buxoro NQIZ 1997-yilda ishga tushirilgan. Zavod yiliga 2,5 mln tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlashga mo‘ljallangan. Korxonada 3200 dan ortiq kishi mehnat qiladi.
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida zavodda 1,5 mln tonnadan ziyod xomashyo qayta ishlanib, qariyb 1,5 mln tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sof foyda 2,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Yil oxirigacha xomashyoni qayta ishlash hajmini 2,17 mln tonnaga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni esa 2,12 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ