Buxoro neftni qayta ishlash zavodi $328 mln evaziga modernizatsiya qilinadi

Loyiha natijasida korxonaning yillik qayta ishlash quvvati 5 mln tonnaga yetkaziladi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi $328 mln evaziga modernizatsiya qilinadi

Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurib, korxonani modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.

Davlat rahbariga taqdim etilgan loyihaning umumiy qiymati $328 mlnni tashkil etadi. Uning doirasida xomashyoni qayta ishlash hajmini oshirish va yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, zavodda naftani gidrotozalash va izomerizatsiya qilish qurilmalari o‘rnatiladi. Gidrotozalash jarayonida xomashyo tarkibidagi oltingugurt va boshqa aralashmalar kamaytiriladi. Izomerizatsiya esa yengil fraksiyalardan olinadigan benzinning oktan sonini oshirish imkonini beradi.

Mazkur texnologiyalar Yevro-5 talablariga javob beradigan Ai-92 va Ai-95 rusumli benzin ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha doirasida xomashyoni fraksiyalarga ajratish va og‘ir qoldiqlarni chuqur qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirish rejalashtirilgan.

Modernizatsiya natijasida zavodning yillik qayta ishlash quvvati qo‘shimcha 2,5 mln tonnaga oshib, jami 5 mln tonnaga yetadi. Bu ichki bozor ta’minotini mustahkamlash va eksport hajmini oshirish imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 3 ming 200 nafardan ziyod mutaxassis mehnat qilmoqda. Korxonada 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida 1,36 mln tonna, qiymati 12,1 trln so‘m bo‘lgan neft mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Mahsulot va xizmatlar eksporti $99,5 mlnni tashkil etgan. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni $116 mlnga yetkazish rejalashtirilgan.

Tashrif davomida prezident modernizatsiya ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish, yangi qurilmalarni mavjud ishlab chiqarish jarayonlariga uyg‘unlashtirish hamda korxonaning barqaror faoliyatini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, davlat rahbari loyihada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan muloqot qildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
/
Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
Prezident Buxoroda 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyihani ishga tushirish va qurilishiga start berdi
/
Prezident Buxoroda 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyihani ishga tushirish va qurilishiga start berdi
Buxoroda $105 mlnlik turizm markazi quriladi
/
Buxoroda $105 mlnlik turizm markazi quriladi