Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi

Regulyator 2026-yil yakunida inflyatsiya 7% atrofida bo‘lishini, 2027-yil oxirida esa 5% lik targetga tushishini prognoz qilmoqda

Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Regulyatorga ko‘ra, inflyatsion kutilmalar pasayayotganiga qaramay, ichki talabning yuqoriligi va tashqi iqtisodiy sharoitlar bilan bog‘liq xatarlar qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishni talab qilmoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 6,4% ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich avgust oyiga nisbatan biroz tezlashgan. Bunga meva-sabzavotlar, yoqilg‘i va ayrim xizmatlar narxining oshishi ta’sir ko‘rsatgan.

Xizmatlar inflyatsiyasi yillik hisobda 7% gacha tezlashgan bo‘lsa, bazaviy inflyatsiya 5,5% darajasida o‘zgarishsiz qolgan.

Shu bilan birga, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari sentyabr oyida 8,7% ni, tadbirkorlik subyektlariniki esa 9,2% ni tashkil etgan. Markaziy bank inflyatsion kutilmalarning pasayishini qayd etgan bo‘lsa-da, narxlar bosimi saqlanib qolayotganini ta’kidlamoqda.

Regulyatorning qayd etishicha, jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgaruvchanligi va energiya resurslari bilan bog‘liq xatarlar tashqi inflyatsion bosimni kuchaytirmoqda. Bu omillar import narxlari, ishlab chiqarish va transport xarajatlari orqali ichki bozordagi narxlarga ham ta’sir qilishi mumkin.

Iqtisodiy o‘sish prognozi oshirildi

2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,3% ga o‘sgan. Bunda sanoat, qurilish va xizmatlar sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lgan.

Markaziy bank investitsion faollik va aholi real daromadlarining o‘sishi kelgusi oylarda ham ichki talabni qo‘llab-quvvatlashini kutmoqda. Shu sababli yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozi qayta ko‘rib chiqilib, 2026-yil yakunida iqtisodiy o‘sish 8% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Biroq regulyator yalpi talab ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori shakllanayotganini ham qayd etgan. Bu esa talab bilan bog‘liq inflyatsion bosimning saqlanib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yil yakunida inflyatsiya 7% bo‘lishi kutilmoqda

Markaziy bank yuqori ichki talab, energiya narxlari bilan bog‘liq tashqi xatarlar va ayrim tartibga solinadigan narxlarning rejalashtirilgan oshirilishini hisobga olib, inflyatsiya prognozini qayta ko‘rib chiqdi.

Yangilangan prognozga ko‘ra, 2026-yil yakunida umumiy inflyatsiya 7% atrofida shakllanishi kutilmoqda. 2027-yil oxiriga borib esa uning 5% lik target darajasiga tushishi prognoz qilinmoqda.

Regulyator tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishi inflyatsiyaga qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatishini bildirdi. Qat’iy pul-kredit sharoitlari esa ushbu o‘zgarishlarning boshqa narxlar va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi ta’sirini cheklashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, bazaviy inflyatsiya yil oxirigacha sezilarli o‘zgarmasligi, keyingi davrlarda esa pasayishi prognoz qilinmoqda.

Asosiy stavka 14 foiz darajasida qoldirildi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, pul bozoridagi foiz stavkalari asosiy stavkaga yaqin shakllanmoqda. Milliy valyutadagi depozitlar va kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalarining ijobiy darajada saqlanayotgani pul-kredit sharoitlarining qat’iyligini ta’minlamoqda.

Bu, o‘z navbatida, so‘mdagi jamg‘armalarning jozibadorligini qo‘llab-quvvatlash va yalpi talabning iqtisodiyot ishlab chiqarish salohiyatiga yaqinlashishiga xizmat qilmoqda.

Markaziy bank qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish orqali taklif omillari ta’sirida yuzaga keladigan ikkilamchi inflyatsion bosimning boshqa narxlar va kutilmalarga tarqalishining oldini olishni maqsad qilgan.

Regulyator inflyatsiya, inflyatsion kutilmalar, ichki talab va tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni kuzatishda davom etadi. Asosiy stavka bo‘yicha keyingi qarorlar ushbu omillar dinamikasi va inflyatsion xatarlarning namoyon bo‘lishiga qarab qabul qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 16-dekabrga belgilangan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi $328 mln evaziga modernizatsiya qilinadi
/
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi $328 mln evaziga modernizatsiya qilinadi
Prezident Buxoroda 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyihani ishga tushirish va qurilishiga start berdi
/
Prezident Buxoroda 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyihani ishga tushirish va qurilishiga start berdi
Buxoroda $105 mlnlik turizm markazi quriladi
/
Buxoroda $105 mlnlik turizm markazi quriladi