Prezident Buxoroda 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyihani ishga tushirish va qurilishiga start berdi
Shundan $654 mlnlik 55 ta loyiha ishga tushirilmoqda, qiymati $7,1 mlrd bo‘lgan yana 90 tasining qurilishi boshlanmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida yangi obektlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari so‘nggi to‘qqiz yilda viloyatga $9,5 mlrdlik xorijiy investitsiya jalb qilinib, 6 mingdan ortiq yangi ishlab chiqarish quvvati va 120 mingta doimiy ish o‘rni yaratilganini qayd etdi. Bu natijalar odamlarning bandligi va daromadi oshishi, mahalliy korxonalarning yangi bozorlarga chiqishida o‘z ifodasini topmoqda.
Bugungi Buxoro buyuk tarixdan yangi taraqqiyot va muhtasham loyihalar davriga shiddat bilan yuzlanmoqda, – dedi prezident.
Neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, uy-joy qurilishi, infratuzilma, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida umumiy qiymati $7,8 mlrd bo‘lgan 145 ta loyihadan iborat dastur shakllantirilgan. Shundan $654 mlnlik 55 ta loyiha ishga tushirilmoqda, qiymati $7,1 mlrd bo‘lgan yana 90 tasining qurilishi boshlanmoqda.
Loyihalarda AQSH, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vyetnam, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindiston investorlari, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etmoqda.
Ularning amalga oshirilishi natijasida 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 22 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va $510 mlnlik eksport imkoniyati paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Maqsadimiz bitta – import o‘rnini bosadigan va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish, – dedi davlat rahbari.
Viloyatda energetika sohasida ham yirik quvvatlar barpo etilmoqda. So‘nggi yillarda “yashil” energetikaga $2 mlrd jalb qilinib, 1 ming megavatt shamol va 750 megavatt quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, 63 megavattli energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. 601 kilometr magistral elektr tarmog‘i tortildi.
G‘ijduvonda “ACWA” kompaniyasi bilan 300 megavattli “Bosh-2” shamol elektr stansiyasi, Jondorda “Toyota Corporation” va Peshkuda “Sinoma” kompaniyalari ishtirokida umumiy quvvati 1 ming megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarining qurilishi davom etmoqda. Xitoylik hamkorlar bilan Kogon tumanida maishiy chiqindilardan elektr energiyasi olishga qaratilgan $165 mlnlik loyihani amalga oshirish, Germaniyaning “Leman” kompaniyasi bilan esa “Amu-Buxoro” kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha $150 mlnlik loyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Viloyatning paxtachilikdagi tajribasiga tayangan holda zamonaviy to‘qimachilik klasterlari rivojlantirilmoqda. Buxoro shahrida “Kurt Baver” brendi ostida yiliga 62 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradigan to‘qimachilik kompleksi barpo etiladi. Romitanda xitoylik investorlar ishtirokida qiymati $400 mln bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida 9 ming gektar yerni o‘zlashtirish tashabbusi ham ilgari surilgan. Natijada yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini 65% ga yetkazish va qo‘shimcha 100 mln dollarlik eksport imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Turizm Buxoro taraqqiyotining yana bir muhim yo‘nalishidir.
Qadimiy obidalar, madaniy meros va zamonaviy infratuzilma uyg‘unligi Buxoroni sayyohlarning sevimli maskaniga aylantiryapti. Bugungi tadbirimiz o‘tayotgan, yangidan barpo etilayotgan Buxoro turizm markazi ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi, – dedi davlat rahbari.
Markazda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki, ko‘rgazmalar zali, zamonaviy mehmonxonalar, madaniy va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi. Shuningdek, Buxoro shahrida Indigo, Holiday Inn va Hilton xalqaro brendlari ostida mehmonxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Umuman, Buxoroda qiymati $3 mlrdlik 19 ta yirik loyihani boshlaymiz. Agar bu ishlarni tizimli tashkil qilsak, birgina Buxoroning o‘zida bemalol $5 mlrdlik turizm xizmatlari eksportini ta’minlaymiz, – dedi prezident.
Kelgusi besh yilda Buxoro viloyati aholisini to‘liq ichimlik suvi bilan, yirik shaharlar va tuman markazlarini esa kanalizatsiya tarmog‘i bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xalqaro hamkorlar bilan umumiy qiymati $633 mln bo‘lgan ikkita yirik loyiha boshlangan. Ularning hisobiga 2 mln nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, 781 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suviga ega bo‘ladi.
Shuningdek, viloyatning tranzit salohiyatini uch karra oshirishga qaratilgan, qiymati 565 mln dollar bo‘lgan yettita yo‘l loyihasi amalga oshiriladi.
Prezident ramziy tugmani bosib, yangi obyektlarni ishga tushirdi va istiqbolli loyihalar qurilishiga start berdi. Xorijlik investorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Shu yerning o‘zida davlat rahbari Buxoro infratuzilmasini 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga puxta tayyorlash yuzasidan mutasaddilarning axborotlarini tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ