Buxoroda $105 mlnlik turizm markazi quriladi
Loyiha to‘liq ishga tushirilgach, mahalliy budjetga yiliga 288 mlrd so‘m tushum keltirishi kutilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida yangi turizm markazi qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha doirasida turizm, madaniyat va biznes infratuzilmasini o‘zida birlashtirgan majmua tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda xalqaro madaniy va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, mehmonlarni shaharning tarixiy merosi bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan.
Turizm markazi 50 gektar maydonda joylashadi. Loyihaning umumiy investitsiya qiymati $105 mlnni tashkil etadi. Rejaga ko‘ra, hududda qabul binosi, ko‘rgazmalar zali, muzey, ikkita mehmonxona, 80 ta oilaviy mehmon uyi va 2 ming o‘rinli amfiteatr quriladi.
Bundan tashqari, majmua hududida 70 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, sayr qilish hududlari, hunarmandchilik markazlari hamda sun’iy ko‘l barpo etiladi. Majmua arxitekturasida Buxoro me’morchiligining an’anaviy unsurlarini zamonaviy yechimlar bilan uyg‘unlashtirish rejalashtirilgan.
Hozirda 10 gektar maydonda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Jarayonga 50 ga yaqin maxsus texnika jalb qilingan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, markaz to‘liq foydalanishga topshirilgach, shaharda 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, sayyohlar oqimi esa 2 mln nafarga oshadi. Mahalliy budjetga yillik tushumlar 288 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Obyekt bilan tanishish davomida davlat rahbari loyihani amalga oshirishda Buxoroning tarixiy qiyofasini saqlash va majmuaning iqtisodiy samaradorligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Mas’ul shaxslarga ushbu talablarni hisobga olgan holda ishlarni tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, prezidentga 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro sammitlarga tayyorgarlik doirasida shahar infratuzilmasini rivojlantirish ishlari haqida axborot berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ