Buxoroda $137 mlnlik kongress-xoll va ikkita mehmonxona qurilmoqda

Qiymati $60 mln bo‘lgan loyiha doirasida umumiy maydoni 14,5 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi bino barpo etilmoqda

Buxoroda $137 mlnlik kongress-xoll va ikkita mehmonxona qurilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida qurilayotgan Kongress-xoll majmuasi va zamonaviy mehmonxonalar bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni izchil oshib bormoqda. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb olti baravar, turizm xizmatlari eksporti esa 11 baravar ko‘paygan. Shu sababli mamlakatda xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun zamonaviy infratuzilmaga ehtiyoj ortmoqda.

Buxoroda qurilayotgan Kongress-xoll shaharning xalqaro forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va yirik anjumanlarga mezbonlik qilish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

Qiymati $60 mln bo‘lgan loyiha doirasida umumiy maydoni 14,5 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi bino barpo etilmoqda. Hozirda asosiy betonlashtirish ishlari yakunlangan. Tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, fasad va tom qismlarini qurish ishlari davom etmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Majmua hududida yana ikkita mehmonxona ham qurilmoqda. Ulardan biri $37 mlnlik “Hilton Garden Inn” bo‘lib, yetti qavat va 212 xonadan iborat bo‘ladi. Loyihada yer osti avtoturargohi ham ko‘zda tutilgan. Mehmonxonaning asosiy konstruksiyalari tayyor, hozir ichki devorlar, muhandislik tarmoqlari va fasad ishlari olib borilmoqda.

Ikkinchi loyiha — qiymati $39,6 mln bo‘lgan “Holiday Inn” mehmonxonasi. U ham yetti qavatli va 212 xonali bo‘ladi. Mehmonxona yonida ikki qavatli biznes markazi ham qurilmoqda. Ayni paytda mehmonxonada tom montaji va ichki devorlarni qurish, biznes markazining yerto‘la qismida esa betonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Davlat rahbari loyihalar bilan tanishar ekan, ularning Buxoroda xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va turizm xizmatlarini kengaytirishdagi ahamiyatini ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Prezident qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va sifat talablariga qat’iy rioya qilgan holda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Xorijiy elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalar O‘zbekistonda 232,8 mlrd so‘m soliq to‘ladi
/
Xorijiy elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalar O‘zbekistonda 232,8 mlrd so‘m soliq to‘ladi
Markaziy bank tijorat banklari uchun moliyaviy ommaboplik reytingini joriy etmoqda
/
Markaziy bank tijorat banklari uchun moliyaviy ommaboplik reytingini joriy etmoqda
O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 21,8% ga tushdi
/
O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 21,8% ga tushdi