O‘zbekistonda suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravar oshiriladi

15-noyabrdan aholi uchun gazning chakana narxi QQS bilan bir kilogramm uchun 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga ko‘tariladi

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravar oshiriladi

15-noyabrdan O‘zbekistonda aholi uchun suyultirilgan gaz narxi oshiriladi. Endilikda bir kilogramm gazning chakana narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan 5 ming so‘mni tashkil etadi. Amaldagi narx esa 2 ming so‘m edi. Bu Vazirlar Mahkamasining 31-oktabrdagi qarorida belgilangan. Hujjat fuqarolarni yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash va sohada bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish choralarini nazarda tutadi.

Qarorga ko‘ra, LPG-Trade kompaniyasi tomonidan aholiga yetkazib beriladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun yetkazib berish xarajatlarining eng yuqori qiymati QQS bilan 1,3 ming so‘m etib belgilandi. Kompaniyaning iqtisodiy jihatdan asoslangan yetkazib berish xarajatlarini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiya ajratiladi.

Shu bilan birga, ayrim oilalarga suyultirilgan gaz xaridi xarajatlarining bir qismini qoplash uchun manzilli kompensatsiya to‘lanadi. Ushbu yordam 2030-yil 1-yanvargacha quyidagi oilalarga beriladi:

  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar;
  • jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan, ehtiyojmandlik mezonlariga mos oilalar;
  • tarkibida yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalar.

Kompensatsiya xarid qilingan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘mni tashkil etadi. Bunda oyiga ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz xaridi uchun to‘lov amalga oshiriladi. Mablag‘lar yoqilg‘i xaridi tasdiqlanganidan so‘ng ijtimoiy kartalarga o‘tkaziladi.

Buning uchun “Hududgazta’minot” va Ijtimoiy himoya milliy agentligi E-gaz Billing hamda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilishi kerak.

Qarorda bir xonadonda bir nechta oila istiqomat qiladigan holatlar ham hisobga olingan. Agar bir uyda ikki yoki undan ortiq oila yashasa, ularning har biriga alohida maishiy gaz balloni ajratilishi mumkin. Buning uchun har bir oilaning o‘z oshxonasi va texnik talablarga javob beradigan gaz plitasi bo‘lishi lozim.

Bunday holatda mahalla vakillari va gaz ta’minoti tashkiloti xodimlari joyiga chiqib, sharoitni o‘rganadi hamda tegishli dalolatnoma tuzadi. Xonadonning yagona kadastr raqamiga ega ekani bir nechta gaz ballonini ajratishga to‘sqinlik qilmaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-maygacha suyultirilgan gaz bozorini yanada rivojlantirish va narxlarni liberallashtirish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi lozim.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi esa yoqilg‘i narxining sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tovar-xomashyo birjalaridagi savdolarni doimiy nazorat qilib boradi.

Vaqt.uz avvalroq loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 21,8% ga tushdi
/
O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 21,8% ga tushdi
O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $15 mlrddan oshdi
/
O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $15 mlrddan oshdi
Jizzaxda 9,8 tonna oltinni noqonuniy qazib olgan fuqaro qamaldi
/
Jizzaxda 9,8 tonna oltinni noqonuniy qazib olgan fuqaro qamaldi