O‘zbekistonda fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish xususiy agentliklarga topshiriladi
2027-yildan boshlab eng yuqori natija ko‘rsatgan xususiy bandlik agentliklari fuqarolarni mustaqil ravishda xorijga ishga yuborish bilan shug‘ullanadi
Kelgusi yildan O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish vazifalari faoliyati eng yuqori natija ko‘rsatgan xususiy bandlik agentliklariga to‘liq topshiriladi. Bu haqda mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, litsenziyalash tartibi soddalashtirilganidan so‘ng ikki yil ichida xususiy bandlik agentliklari soni uch baravar, ular vositachiligida xorijda ish topgan fuqarolar soni esa besh baravar oshgan.
Shu bilan birga, sohada qonunbuzarliklar, korrupsiya va fuqarolarni aldash holatlari ham aniqlangan. Muammolarni hal etish maqsadida xususiy bandlik agentliklari faoliyati uchun zarur huquqiy asos yaratgan alohida qonun qabul qilingan.
Endilikda agentliklar faoliyatini to‘liq shaffof tizimga o‘tkazish va ular uchun reyting joriy etish rejalashtirilmoqda. Agentliklar faoliyati fuqarolarning amalda ishga joylashtirilgani, ularning huquqlariga rioya etilishi, ish haqi miqdori hamda kafolatlangan ijtimoiy ta’minot mavjudligi kabi mezonlar asosida baholanadi.
Xorijda yuqori maoshli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun xususiy agentliklarga 1,5 mln so‘mdan to‘lanadi. Bundan tashqari, yoshlarni xorijda ishlashga tayyorlash uchun texnikumlarning ayrim binolari bepul ijaraga beriladi.
Ta’lim jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy o‘qituvchi va ekspertlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi. O‘quv jarayoni uchun zarur uskunalar va inventarlar esa bojxona bojidan ozod qilinadi.
Shuningdek, xalqaro rekruting kompaniyalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratiladi. Bunday tashkilotlar xorijiy ish beruvchilar uchun mutaxassislarni tanlash bilan birga, ularning talablariga mos kadrlarni mustaqil tayyorlaydi. Kelgusi yilda O‘zbekistonda ikkita yirik xalqaro rekruting kompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda joriy yilda 34 ta davlatda 287 ming nafar fuqaro uchun ish imkoniyatlari mavjudligi ham ta’kidlandi. Biroq fuqarolar ushbu takliflar haqida yetarlicha xabardor emas. Migratsiya agentligining mahalla tizimi vakillari bilan hamkorligi ham hozircha yetarli darajada samarali yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu munosabat bilan prezident bir oy muddatda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini isloh qilish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishni topshirdi. Shuningdek, ularning xizmatlarini ijtimoiy xizmatlar sifatida ko‘rib chiqish va ushbu faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda soliqqa tortish tartibini soddalashtirish vazifasi qo‘yildi.
Mehnat migratsiyasida bizga raqamlar emas, sifat kerak, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ