“Imarat Development” loyihasi egasi Marat Hamdamov ushlandi
U Toshkent shahar IIBB tomonidan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan
“Imarat Development” qurilish loyihasi egasi Marat Hamdamov protsessual tartibda ushlandi. Bu haqda Kun.uz Toshkent shahar IIBBdagi manbaga tayanib xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Hamdamov Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan.
Poytaxt IIBBning nashrga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida Marat Hamdamov va Jasur Azizov Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan.
1-noyabr kuni Sergeli tumanining Buyuk avlod shohko‘chasida ofisi joylashgan “Imarat Development” qurilish kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi ochilgandi.
Xususan, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ