Prezident 2027-yilda hududlarda migratsiya markazlarini tashkil etish uchun 8 mlrd so‘mdan ajratishni topshirdi

Shuningdek, Germaniyada ishlash uchun 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash va ularni ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda

Prezident 2027-yilda hududlarda migratsiya markazlarini tashkil etish uchun 8 mlrd so‘mdan ajratishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda elchixonalar, hokimliklar va ta’lim muassasalarining fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish bo‘yicha olib borayotgan yetarli bo‘lmagan faoliyatini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, jahon mehnat bozori O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda, biroq mutaxassislarga bo‘lgan mavjud talabdan to‘liq foydalanilmayapti.

Xususan, 2026-yilda Germaniyadan 45 ming nafar mutaxassisga talab tushgan bo‘lsa-da, amalda bor-yo‘g‘i 2000 kishi ishga joylashtirilgan. Bunga asosiy to‘siq sifatida nemis tilini biladigan kadrlarning yetishmasligi ko‘rsatildi.

Mirziyoyev texnikum bitiruvchilari xorijiy ish beruvchilar talablariga javob berishi uchun kasbiy ta’lim va til tayyorgarligini birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Har bir hududga 8 mlrd so‘mdan va Germaniya uchun 10 ming nafar xodim

Prezident viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga “Intil” xalqaro o‘quv markazi tajribasini o‘rganish va 2027-yilda har bir hududda yagona migratsiya markazini tashkil etish topshirig‘ini berdi. Buning uchun har bir hududga 8 mlrd so‘mdan ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, keyingi yilga talab yuqori bo‘lgan kasblar va nemis tili bo‘yicha 10 ming kishini tayyorlash hamda ularning Germaniyada ishga joylashishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Til o‘rgatishni kengaytirish uchun 2027-yilda maktab va texnikumlarga nemis tilida so‘zlashuvchi 500 nafar mutaxassisni jalb etish ko‘zda tutilgan.

Yoshlarga ingliz tilini qanday o‘rgatayotgan bo‘lsak, nemis tili bo‘yicha ham shunday yondashuv kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari, shuningdek, keyingi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini ikki baravarga oshirishni topshirdi.

Bundan tashqari, har bir viloyatdagi ikki-uchta texnikumda kasbiy tayyorgarlik bilan bir vaqtda nemis tilini o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish zarur.

Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyaning Telc kompaniyasi “Intil” xalqaro o‘quv markazida 100 nafar nemis tili o‘qituvchisini tayyorlashni boshlab yuborgan. 2027-yil boshidan ular hududiy texnikumlarga ishga yuborilishi kerak.

Xamshiralarni tayyorlash va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik

O‘zbekistonda Germaniyada ishlash uchun kasbiy va til tayyorgarligi bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishga tushgan. Xususan, Globogate kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatdagi 20 ta tibbiyot texnikumida har yili 1500 nafar hamshira tayyorlanmoqda.

Qarshidagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida germaniyalik o‘qituvchilar yoshlarga til va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatmoqda.

Andijonda tadbirkor texnikumning bo‘sh turgan binosini ta’mirlab, Germaniyadan o‘qituvchi jalb etdi. Prezidentga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda har yili 1500 nafar mutaxassis tayyorlanadi. Mirziyoyev ushbu tajribani boshqa hududlarga ham ommalashtirishni topshirdi.

Bundan tashqari, Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari o‘zlariga zarur mutaxassislarni bevosita O‘zbekiston texnikumlarida tayyorlashga qiziqish bildirmoqda. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, xorijiy ish beruvchilar ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etishga va o‘quv muassasalarini jihozlashga investitsiya kiritishga tayyor.

Prezident bir oy muddatda 20 ta texnikumni tanlab olish va 2027-yildan boshlab ularning ta’lim dasturlarini xorijiy ish beruvchilar talablariga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Buyuk Britaniyaga 33 ming nafar xodim zarur

Yig‘ilishda, shuningdek, boshqa rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Prezident tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 33 ming nafar xodimga ehtiyoj mavjud. Biroq o‘zbekistonliklar hozircha u yerga asosan mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun yuborilmoqda.

Mirziyoyev sog‘liqni saqlash, logistika va sanoat sohalarida ish beruvchilar bilan aniq kelishuvlar mavjud emasligini ko‘rsatib o‘tdi.

Ishtirokchi mamlakatlarning yosh fuqarolari uchun Buyuk Britaniyada vaqtincha yashash va ishlash imkoniyatini nazarda tutuvchi Youth Mobility Scheme (“Yoshlar mobilligi”) britan dasturida O‘zbekistonning ishtirok etishi masalasi ham hal etilmagan.

Prezident Italiya bilan ham mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani, ammo ulardan yetarlicha faol foydalanilmayotganini ta’kidladi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ilk bor Markaziy Osiyodan mutaxassislarni jalb qilishni o‘zining migratsiya strategiyasiga kiritdi, biroq elchilar, hokimlar va texnikumlarning ushbu imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha ishlari haligacha yetarli emas.

Ijobiy misol sifatida prezident Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatar ish beruvchilari bilan hamkorlikni tilga oldi.

U, shuningdek, O‘zbekistonda ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikat olgan 200 mingga yaqin yoshlar borligiga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, ular uchun AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Shvetsiya va Daniyada ishga joylashish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmayapti.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari so‘nggi 10 yilda to‘rt baravar oshdi
/
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari so‘nggi 10 yilda to‘rt baravar oshdi
O‘zbekiston sentabr oyida ham oltin eksport qilmadi
/
O‘zbekiston sentabr oyida ham oltin eksport qilmadi
Toshkentda BRT yo‘laklari tashkil etiladigan to‘rtta ko‘cha tanlandi
/
Toshkentda BRT yo‘laklari tashkil etiladigan to‘rtta ko‘cha tanlandi