O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $65,4 mlrdga yetdi

Yanvar–sentabr oylarida import 15,7% ga oshgan, eksport esa 5,5% ga kamaygan

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $65,4 mlrdga yetdi

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $65,4 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,3% yoki $3,9 mlrdga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 28-oktyabrda e’lon qilingan dastlabki hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobot davrida mamlakat eksporti $25,8 mlrdga teng bo‘lib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 5,5% ga kamaygan. Import esa 15,7% ga o‘sib, $39,6 mlrdga yetgan.

Natijada tashqi savdo balansida $13,7 mlrdlik manfiy saldo qayd etilgan. 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida bu ko‘rsatkich $6,9 mlrdni tashkil qilgan edi.

Oltindan tashqari eksport 31,6% ga oshdi

Eksport hajmining qisqarishiga, asosan, oltin yetkazib berishning kamayishi ta’sir ko‘rsatgan. Yanvar–sentabr oylarida nomonetar oltin eksporti qiymati $2,8 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $9,8 mlrdga teng bo‘lgan.

Shu bilan birga, oltindan tashqari tovarlar eksporti 31,6% ga oshib, $13,3 mlrdga yetdi. Xizmatlar eksporti ham 31,1% ga o‘sib, $9,7 mlrdni tashkil qildi.

Xususan, turizm xizmatlari eksporti $5,3 mlrd, transport xizmatlari eksporti esa $2,9 mlrd bo‘lgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkori Xitoy bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi $15,2 mlrdni tashkil etdi.

Keyingi o‘rinlardan Rossiya — $10,5 mlrd, Qozog‘iston — $4,3 mlrd, Turkiya — $2,2 mlrd va Afg‘oniston — $1,6 mlrd joy oldi.

Davlat 2024-yil, mln $ 2025-yil, mln $ 2026-yil, mln $
Xitoy 9 035,3 11 885,7 15 166,5
Rossiya 8 660,5 9 474,2 10 473,1
Qozog‘iston 3 009,4 3 475,9 4 252,6
Turkiya 2 204,7 2 159,6 2 247,3
Afg‘oniston 762,1 1 148,1 1 592,8

Importda mashina va transport uskunalari yetakchilik qildi

Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport uskunalariga to‘g‘ri kelgan. Hisobot davrida ushbu toifadagi mahsulotlar importi $12,9 mlrdni tashkil etdi.

Shuningdek, O‘zbekistonga $5,8 mlrdlik sanoat tovarlari, $4,8 mlrdlik kimyoviy mahsulotlar hamda $4,2 mlrdlik oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Imarat Development” loyihasi egasi Marat Hamdamov ushlandi
/
“Imarat Development” loyihasi egasi Marat Hamdamov ushlandi
Prezident 2027-yilda hududlarda migratsiya markazlarini tashkil etish uchun 8 mlrd so‘mdan ajratishni topshirdi
/
Prezident 2027-yilda hududlarda migratsiya markazlarini tashkil etish uchun 8 mlrd so‘mdan ajratishni topshirdi
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari so‘nggi 10 yilda to‘rt baravar oshdi
/
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari so‘nggi 10 yilda to‘rt baravar oshdi