Auksionlarda eng qimmat mobil raqam 317,2 mln so‘mga sotilgan
Jami sotilgan 5 mingta telefon raqamlarining 96 foizini jismoniy shaxslar tashkil etgan
Foto: Kapital.uz
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining (UZEX) Mobilraqam platformasida onlayn-auksionlar orqali qariyb 5 mingta mobil raqam sotildi. Xaridlarning 96 foizi jismoniy shaxslar, qolgan 4 foizi esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bu haqda 30-oktabr kuni birjaning to‘qqiz oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Sotilgan raqamlarning narxi 31,5 ming so‘mdan 317,2 mln so‘mgacha bo‘lgan.
“Mobilraqam” elektron savdo platformasining imkoniyatlari ham kengaytirildi. Endilikda ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar tanlangan aloqa operatorini ko‘rsatgan holda mobil raqamlarni xarid qilish uchun elektron ariza topshirishi mumkin. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli mobil raqamlarni onlayn-auksion yoki “Tezkor bitim” mexanizmi orqali sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, UZEX mahalliy tadbirkorlarning xalqaro fyuchers savdolarida ishtirok etishi uchun yangi mexanizmni joriy qildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 27-fevraldagi 82-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosi doirasida UZEX Singapurning Phillip Capital xalqaro investitsiya guruhi bilan hamkorlikda UZEX GLOBAL qo‘shma korxonasini tashkil etdi.
Yangi platforma orqali mahalliy bozor ishtirokchilari CME Group, ICE, LME, JPX va SGX kabi yetakchi xalqaro birjalarda mis, bug‘doy, paxta, neft, oltin va boshqa tovarlar bo‘yicha fyuchers shartnomalari bilan savdo qilishi mumkin bo‘ladi.
Bu tadbirkorlarga xalqaro bozorlardagi narxlar o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni samarali boshqarish imkonini beradi.
UZEX kelgusida milliy birja infratuzilmasini rivojlantirish, elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, savdo mexanizmlarini takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishni davom ettiradi. Shuningdek, savdo jarayonlari shaffofligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda mahalliy biznes vakillarining yangi bozor vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani yakunida UZEX vakillari jurnalistlar savollariga javob berib, birja faoliyatining dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ