O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $15 mlrddan oshdi
2026-yilning to‘qqiz oyida mamlakatga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,9% ga ko‘paydi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan jami $15,16 mlrd miqdorida pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,9% ga ko‘p. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida ma’lum qilindi.
Tushumlarning asosiy o‘sishi yilning birinchi yarmida kuzatildi. Yanvar–iyun oylarida mamlakatga $9,28 mlrd pul o‘tkazmalari kelib tushgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $8,21 mlrdni tashkil etgan.
Biroq iyul–sentabr oylarida yillik o‘sish sur’ati sezilarli darajada sekinlashdi. Uchinchi chorakda O‘zbekistonga $5,88 mlrdga yaqin mablag‘ kelib tushdi. Bu 2025-yilning mos davridagi $5,71 mlrdga nisbatan 2,9% ga ko‘p.
Ayni vaqtda O‘zbekistondan xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi uchinchi chorakda kamaydi. Iyul–sentabr oylarida mamlakatdan $625 mln mablag‘ jo‘natilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi $707 mln ko‘rsatkichidan 11,6% ga kam.
Shunga qaramay, to‘qqiz oylik yakunlarga ko‘ra, xorijga yuborilgan jami pul o‘tkazmalari hajmi deyarli o‘zgarmadi. 2026-yil yanvar–sentabr oylarida bu ko‘rsatkich $1,95 mlrdni tashkil etgan. 2025-yilning shu davrida esa $1,93 mlrd bo‘lgan.
Bunda birinchi yarim yillikda xorijga yuborilgan mablag‘lar hajmi $1,22 mlrddan $1,32 mlrdgacha oshgan.
Natijada O‘zbekistonga kelib tushgan va xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari o‘rtasidagi ijobiy saldo $13,21 mlrdga yetdi. Uchinchi chorakning o‘zida bu ko‘rsatkich $5,25 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi $5 mlrdga nisbatan qariyb 5% ga oshdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ