Markaziy bank kommunal tariflarni bir necha yil oldindan belgilashni taklif qildi

Tariflarning navbatdagi ko‘tarilishi umumiy inflyatsiyaga qo‘shimcha 0,8% band ta’sir qilishi mumkin

Markaziy bank kommunal tariflarni bir necha yil oldindan belgilashni taklif qildi

O‘zbekiston Markaziy banki 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihasida kommunal xizmatlar tariflarini bir necha yil oldindan e’lon qilishni taklif qildi. Bu haqda regulyatorning hujjatida so‘z boradi.

Taklif joriy yilda ayrim yoqilg‘i va tartibga solinadigan xizmatlar narxi, xususan, suyultirilgan gaz, markaziy isitish va issiq suv tariflari Markaziy bankning dastlabki prognozlaridan yuqori oshganidan keyin ilgari surilmoqda.

Regulyator hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha rejalashtirilgan tariflarning navbatdagi oshirilishi umumiy inflyatsiyaga qo‘shimcha 0,8% band ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu sababli Markaziy bank yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya prognozini avvalgi 6,5% dan 7% gacha oshirdi. O‘zgaruvchan narxlar ta’siri chiqarib tashlangan bazaviy inflyatsiya prognozi esa 5,5% atrofida saqlab qolindi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov 4-noyabr kuni yangilangan prognozda suyultirilgan gaz narxining oshishi va isitish tariflarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar allaqachon hisobga olinganini aytgan.

Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti boshlig‘i Samigjon Inogamov esa dastlabki hisob-kitoblarda isitish va issiq suv tariflarining oshishi ham inobatga olinganini, biroq taklif etilgan yangi narxlar kutilganidan yuqori ekanini tushuntirgan.

Kutilganidan yuqori tarif o‘zgarishlari asosiy stavkani 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘ldi.

Tartibga solinadigan narxlar inflyatsiyaga bosim o‘tkazmoqda

2026-yil davomida tartibga solinadigan narxlarning inflyatsiyaga ta’siri o‘zgarib bordi. Yilning birinchi yarmida 2025-yilda joriy etilgan energetika tariflari oshishining yillik inflyatsiyaga ta’siri asta-sekin kamayishi hisobiga iste’mol narxlari o‘sishi sekinlashdi.

May oyida inflyatsiya 5,5% gacha tushgan bo‘lsa, iyun oyida energiya resurslari narxlari yana oshirilganidan keyin qayta tezlashib, sentabrda 6,4% ga yetdi.

Shu davrda tartibga solinadigan narxlarning yillik o‘sishi 17,7% dan 12,5% gacha sekinlashdi. Markaziy bank buni qisman 2026-yilda energiya tariflari 2025-yilga nisbatan kamroq oshirilgani bilan izohlaydi. Shunga qaramay, tartibga solinadigan narxlar umumiy iste’mol narxlari indeksiga qaraganda tezroq o‘sishda davom etmoqda.

Regulyator tariflar oshishining ta’siri faqat aholining kommunal to‘lovlari bilan cheklanmasligidan ham ogohlantirmoqda. Energiya resurslari va kommunal xizmatlar narxining ko‘tarilishi korxonalarning ishlab chiqarish, transport va xizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshiradi. Bu xarajatlarning bir qismi oxir-oqibat mahsulot va xizmatlar narxining ko‘tarilishi orqali iste’molchilarga o‘tadi.

Bunday ikkilamchi ta’sirlar dastlabki tarif o‘zgarishidan keyin ham inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Markaziy bank xorijiy mamlakatlar tajribasini keltirdi

Pul-kredit siyosati loyihasining alohida bo‘limida Markaziy bank energetika sohasini modernizatsiya qilish doirasida kommunal tariflarni isloh etish masalasini ham ko‘rib chiqqan.

Regulyator tariflarni iqtisodiy jihatdan asoslangan darajaga yaqinlashtirish kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarga infratuzilmani yangilash uchun zarur moliyaviy resurslarni berishi mumkinligini tan oladi. Biroq bu jarayon qisqa muddatda aholi uchun narxlar va biznes xarajatlarining oshishiga olib kelishini ta’kidlaydi.

Markaziy bank fikricha, islohotlar samaradorligini faqat xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar daromadining oshishi bilan baholash to‘g‘ri emas. Bunda xizmatlar sifati, ta’minot ishonchliligi, boshqaruv samaradorligi va texnik yo‘qotishlarning kamayishi ham hisobga olinishi kerak.

O‘tish jarayonini oldindan rejalashtirish va prognoz qilish imkonini yaratish uchun regulyator tariflar jadvali hamda ularni o‘zgartirish parametrlarini bir necha yil oldindan e’lon qilishni taklif qilmoqda.

Hujjatda bir nechta xalqaro tajriba misol sifatida keltirilgan. Xususan, Qirg‘iziston 2025-yilda 2030-yilgacha mo‘ljallangan elektr energiyasi tariflari jadvalini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, oyiga 700 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qiladigan aholi uchun tariflarni har yili 20 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Buyuk Britaniyada suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari regulyatori Ofwat kompaniyalar uchun narxlarning yuqori chegarasini besh yillik davrlar bo‘yicha belgilaydi. 2025–2030-yillar uchun inflyatsiya hisobga olinmagan real qiymatda uy xo‘jaliklarining suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun o‘rtacha yillik to‘lovi 440 funt sterlingdan 597 funt sterlinggacha oshishi prognoz qilingan.

Qozog‘istonda ham kommunal xizmatlar tariflari uchun uzoq muddatli cheklovlar tizimi qo‘llanadi. Odatda ular kamida besh yilga belgilanadi, biroq ayrim shartlarda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirishning o‘zi yetarli emas

Markaziy bank elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishning o‘zi eskirgan taqsimlash tarmoqlari, elektr uzatishdagi yo‘qotishlar va ayrim hududlardagi ta’minot uzilishlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilmasligidan ham ogohlantirmoqda.

2021–2025-yillarda O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishning o‘rnatilgan quvvati 50% ga — 16,49 GVtdan 24,74 GVtgacha oshgan. Shu davrda iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi esa 16,3% ga — 74,95 mlrd kVt/soatdan 87,18 mlrd kVt/soatgacha ko‘paygan.

Shu sababli regulyator yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish obyektlariga investitsiyalar elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ta’minot ishonchliligini oshirish bilan birgalikda olib borilishi kerakligini ta’kidlaydi.

Elektr ta’minotidagi takroriy uzilishlar va inflyatsiyaning ikkilamchi ta’siri uzoq davom etishi Markaziy bankni hozirgi prognozlarda ko‘zda tutilganidan ham uzoqroq muddat qat’iy pul-kredit siyosatini saqlashga majbur qilishi mumkin.

O‘zbekistonda aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oxirgi marta 2026-yil 1-iyunda oshirilgan. 15-noyabrdan esa suyultirilgan gaz narxini 1 kg uchun 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, oktabr oyida markaziy isitish va issiq suv tariflarini oshirish bo‘yicha alohida taklif jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Toshkent shahrida taklif etilgan o‘sish qariyb 30% ni tashkil etadi.

Loyihada 2028-yildan boshlab tariflarni inflyatsiyaga bog‘liq holda, biroq yiliga 10% dan oshmagan miqdorda indeksatsiya qilish ham nazarda tutilgan. Buning asosiy maqsadlaridan biri 2030-yilga borib aholi uchun tariflarni kommunal xizmatlarni ko‘rsatishning haqiqiy tannarxiga yaqinlashtirishdan iborat.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda keng ma’nodagi pul massasi bir yilda 38% ga oshdi
/
O‘zbekistonda keng ma’nodagi pul massasi bir yilda 38% ga oshdi
O‘zbekistonda $5 mingdan ortiq aktivga ega investorlar xorijiy aksiyalarni sotib olishi mumkin bo‘ladi
/
O‘zbekistonda $5 mingdan ortiq aktivga ega investorlar xorijiy aksiyalarni sotib olishi mumkin bo‘ladi
Microsoft servislarida global uzilish yuz berdi
/
Microsoft servislarida global uzilish yuz berdi