IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish JST bilan muzokaralarda ko‘tarilmagan

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgach, mobil telefonlar importi uchun bojxona boji nolga tushirilishi mumkin

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish JST bilan muzokaralarda ko‘tarilmagan

Mobil telefonlarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovni bekor qilish yoki kamaytirish masalasi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarida ko‘tarilmagan. Bu haqda 11-noyabr kuni UzIMEI va Bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi bo‘lim boshlig‘i Otabek Azimov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, JST talablari IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘loviga taalluqli emas. Muzokaralarda bojxona sohasi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan, telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi esa kun tartibiga kiritilmagan.

Matbuot anjumanida amaldagi to‘lovni bekor qilish yoki kamaytirish bo‘yicha ham hech qanday qaror e’lon qilinmagan.

Hozirda jismoniy shaxslar mobil qurilmani mahalliy mobil aloqa operatori tarmog‘iga birinchi marta ulanganidan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazsa, 88 ming so‘m to‘laydi. Belgilangan muddatdan kech ro‘yxatdan o‘tkazilgan qurilmalar uchun to‘lov 110 ming so‘mni tashkil etadi.

Importchilar uchun tarif 88 ming so‘m, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun esa 44 ming so‘m etib belgilangan.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakatda 7,34 mln ta IMEI-kod ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shundan 6,33 mln tasi yoki 86,2 foizi importchilar, 915 ming tasi (12,5 foizi) rezidentlar va 96,7 ming tasi (1,3 foizi) norezidentlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eng ko‘p IMEI-kod sentabr oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan — 1,03 mln ta. Eng kam ko‘rsatkich esa mart oyida qayd etilgan bo‘lib, 550 ming tani tashkil qilgan.

JSTga a’zolikdan keyin import boji bekor qilinishi mumkin

Avvalroq Bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganidan keyin mobil telefonlar importiga qo‘llanadigan bojxona boji nolga tushirilishi, biroq qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) saqlanib qolishini ma’lum qilgan edi.

Qo‘mita baholashicha, bu o‘zgarish mobil qurilmalar narxini taxminan 5% ga arzonlashtirishi mumkin. Mazkur masala ham 11-noyabrdagi matbuot anjumanida muhokama qilingan.

Matbuot anjumanidan bir kun avval, 10-noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida olib kirilayotgan telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvi IMEI-kodlarni tekshirish tartibiga aniqlik kiritish zarurati sababli vaqtincha to‘xtatilgan edi.

11-noyabrdan boshlab rasmiylashtirish jarayoni qayta tiklandi. Avval olib qo‘yilgan qurilmalar ham egalariga qaytarila boshlandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ayrim tovarlar eksporti uchun ruxsatnoma talabi bekor qilindi
/
O‘zbekistonda ayrim tovarlar eksporti uchun ruxsatnoma talabi bekor qilindi
O‘zbekiston fuqarolari 10 oyda xorijga 6,5 mln sayyohlik safarini amalga oshirdi
/
O‘zbekiston fuqarolari 10 oyda xorijga 6,5 mln sayyohlik safarini amalga oshirdi
O‘zbekistonda aholi sezilgan inflyatsiya 10,2% ga yetdi
/
O‘zbekistonda aholi sezilgan inflyatsiya 10,2% ga yetdi