“El-yurt umidi” jamg‘armasi ayrim sud da’volari bo‘yicha davlat bojidan ozod qilindi
Shuningdek, vazirlik va idoralar buyruqlari hamda qarorlari loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish muddati kamida 10 kun etib belgilandi
Фото: Getty Images
O‘zbekistonda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ayrim da’volar yuzasidan sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 13-noyabrdagi O‘RQ–1190-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi shartnoma shartlarini bajarmagan stipendiatni xorijda o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, vazirlik va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish muddati ular portalga joylashtirilgan kundan e’tiboran 10 kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Bunda loyihalar yuzasidan dastlabki 5 kun ichida fikr-mulohazalar yoki takliflar kelib tushmasa, vazirlik va idoralar normativ-huquqiy hujjatni huquqiy ekspertizadan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga belgilangan tartibda kiritishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ