Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Perfectum brendi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Rubicon Wireless Communication AJning 100% aksiyalarini sotib olinishiga oldindan rozilik berilganini ma’lum qildi.

Xaridor sifatida VEON xalqaro telekommunikatsiya guruhiga kiruvchi, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan VEON UZB Holding Ltd kompaniyasi ishtirok etmoqda.

VEON UZB Holding Ltd, shuningdek, O‘zbekistonda Beeline brendi ostida faoliyat yurituvchi Unitel MCHJ ustav kapitalidagi 100% lik ulushga egalik qiladi.

Raqobat qo‘mitasining maxsus komissiyasi bitimni iqtisodiy konsentratsiya nuqtai nazaridan ko‘rib chiqdi va telekommunikatsiya xizmatlari bozorida raqobatni saqlab qolishga qaratilgan bir qator majburiy shartlar bilan uni oldindan ma’qullash haqida qaror qabul qildi.

Xususan, VEON quyidagilarni ta’minlashi shart:

  • Perfectum’ning kamida 3 yil davomida alohida faoliyat yuritishini hamda 5G Standalone texnologiyasini boshqa hududlarga kengaytirishni ta’minlash;
  • amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflarini 12 oy davomida saqlash, yangi abonentlarga qulay shartlar yaratish va internetning o‘rtacha tezligini 300 Mbit/s dan pasaytirmaslik;
  • abonentlarga shartnoma predmetiga aloqador bo‘lmagan shartlarni majburan yuklamaslik va ularning boshqa mobil operatorlarga o‘tish erkinligini cheklamaslik;
  • abonentlarni Beeline va VEON guruhiga tegishli raqamli platformalar xizmatlaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi xizmatlardan foydalanishini cheklamaslik;
  • abonentlarga xizmat ko‘rsatish shartlarini asossiz ravishda yomonlashtirmaslik va ularning huquqlarini himoya qilish;
  • abonentlarning shaxsiy va tijorat ma’lumotlari himoyasini ta’minlash, ulardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik hamda qonunchilik talablariga zid ravishda xorijiy serverlarga uzatmaslik;

Bundan tashqari, bitim ishtirokchilari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etish va bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashi kerak.

19-oktabr kuni VEON xalqaro telekommunikatsiya guruhi Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless’ning 100% aksiyalarini sotib olish bo‘yicha kelishuv haqida e’lon qildi. Bitimning umumiy qiymati taxminan $207 mlnni tashkil etadi, shu jumladan, Perfectum’ning $93 mln miqdoridagi moliyaviy qarzi ham shunga kiradi. Xarid qilishni oktabr oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.

VEON baholashiga ko‘ra, Perfectum’ni sotib olish Beeline Uzbekistan’ning chastota resurslarini taxminan 50% ga oshirish, tarmoq qamrovini kengaytirish va 5G rivojlanishini tezlashtirish imkonini beradi. Perfectum aktivlariga 850 va 3800 MGs diapazonlaridagi 115 MGs chastota spektri, shuningdek, Nokia uskunalarida qurilgan 5G Standalone tarmog‘ini o‘z ichiga olgan infratuzilma kiradi.