Beeline’ni boshqaruvchi kompaniya Perfectum mobil operatorini $207 mln evaziga sotib oldi

Bitim ortidan Beeline Uzbekistan’ning radiochastota spektri hajmi qariyb 50% ga oshishi aytilmoqda

Beeline’ni boshqaruvchi kompaniya Perfectum mobil operatorini $207 mln evaziga sotib oldi

VEON xalqaro telekommunikatsiya guruhi O‘zbekistonda Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless kompaniyasining 100% ulushini sotib olishga kelishib oldi. Bitim qiymati Perfectum’ning qariyb $93 mln miqdoridagi mavjud moliyaviy qarzini hisobga olgan holda jami $207 mlnni tashkil etadi. Bu haqda VEON 19-oktabr kuni e’lon qildi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bitimni moliyalashtirish uchun VEON o‘zining mavjud pul mablag‘laridan foydalanadi. Xarid uchun zarur bo‘lgan tegishli tartibga soluvchi organlarning ruxsatlari olingan. Bitimni 2026-yil oktabr oyi oxirigacha yakunlash kutilmoqda.

Perfectum aktivlari 850 MHz va 3 800 MHz diapazonlarida jami 115 MHz radiochastota spektri, zamonaviy tarmoq uskunalari va boshqa infratuzilma obyektlarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kompaniyada Nokia uskunalari asosida qurilgan mustaqil 5G tarmog‘i mavjud.

VEON hisob-kitoblariga ko‘ra, Perfectum aktivlarining qo‘shilishi Beeline Uzbekistan’ning radiochastota spektri hajmini qariyb 50% ga oshiradi. Bu tarmoq qamrovi va sig‘imini kengaytirish, 5G xizmatlarini joriy etish hamda uylar va biznes uchun simsiz keng polosali internet xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Avvalroq tadbirkor Farxod Mamadjonov prezident bilan uchrashuvda O‘zbekistondagi telekommunikatsiya loyihasiga Niderlandiyaning VEON xalqaro telekommunikatsiya holdingidan $200 mln investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgandi. 

Eslatib o’tamiz, Beeline avvalroq VEON’ning Qozog‘istondagi sho‘ba kompaniyasi — OLX Group’dan OLX Qozog‘iston onlayn e’lonlar platformasining 100% aksiyalarini sotib olgandi. 

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda eksport yuk tashuvlariga talab 29% ga oshdi
/
O‘zbekistonda eksport yuk tashuvlariga talab 29% ga oshdi
O‘zbekiston kosmosni tadqiq etish bo‘yicha “Artemida” kelishuvlariga qo‘shildi
/
O‘zbekiston kosmosni tadqiq etish bo‘yicha “Artemida” kelishuvlariga qo‘shildi
O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali bir yilda 56,6% ga oshdi
/
O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali bir yilda 56,6% ga oshdi