O‘zbekiston kosmosni tadqiq etish bo‘yicha “Artemida” kelishuvlariga qo‘shildi
Kelishuvlar Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni o‘rganish hamda ulardan foydalanishda xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi
O‘zbekiston Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni tadqiq etish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha hamkorlik tamoyillarini belgilovchi “Artemida” kelishuvlarini imzoladi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
Hujjat Samarqandda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida imzolandi. O‘zbekiston kelishuvlarga qo‘shilgan 77-davlat bo‘ldi.
Baxtiyor Saidovning ta’kidlashicha, ushbu tashabbusda ishtirok etish NASA va boshqa ishtirokchi davlatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorlik qilish, milliy kadrlarni tayyorlash hamda kosmik texnologiyalarni o‘zlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shu kuni Samarqandda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklik bo‘yicha muloqotning birinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarni amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar va ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ