“Perfectum” uchun Beeline Uzbekistan egasidan $200 mln investitsiya jalb qilinishi mumkin
Bitimni imzolash uchun Raqobat qo‘mitasining xulosasi kutilmoqda
Tadbirkor Farxod Mamadjonov O‘zbekistondagi telekommunikatsiya loyihasiga Niderlandiyaning VEON xalqaro telekommunikatsiya holdingidan $200 mln investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Bu haqda u 18-avgust kuni Xorazmda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda aytdi.
Mamadjonovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar iyun oyida barcha asosiy kelishuvlarga erishgan. Hozirda $200 mlnlik investitsiya bo‘yicha bitimni imzolash uchun Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining xulosasi olinishi kerak.
Bir yoki ikki yil oldin Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvda sizga Vodafone’ni jalb qilish rejalari haqida xabar bergan edim. Biroq buning o‘rniga biz Niderlandiyaning VEON kompaniyasi bilan ishlashni boshladik, — dedi u.
Prezident Shavkat Mirziyoyev masalani shaxsan nazoratga olishini bildirdi.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Xalililla To‘raxo‘jayevning ma’lum qilishicha, idoraga 24-iyul kuni iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish yuzasidan murojaat kelib tushgan. Hozir mobil aloqa bozori o‘rganilmoqda. Qo‘mita xulosani Tadbirkorlar kunigacha berishni rejalashtirgan.
VEON — bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan xalqaro telekommunikatsiya holdingi. Kompaniya tarkibiga O‘zbekistondagi “Beeline Uzbekistan” ham kiradi.
Mamadjonov “Perfectum”dagi 50% ulushni olgan
Mamadjonov iyul oyida “Perfectum” mobil operatorining yuridik shaxsi bo‘lgan “Rubicon Wireless Communication” MChJ ustav kapitalidagi 50% lik ulushni sotib olgan edi. Bitim Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan.
Davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, bitimgacha “Rubicon Wireless Communication” MChJ ulushlarining 50%i Abdumalik Iminovga, 37,5%i “IMC-Capital” MChJga va 12,5%i Kamron Akbarovga tegishli bo‘lgan.
Bitimdan keyin kompaniya ustav kapitali 304,62 mlrd so‘mdan 572,4 mlrd so‘mga oshgan. Hozirgi tarkibda Mamadjonovning ulushi 50%, “IMC-Capital”niki 41,23% va Kamron Akbarovniki 8,77% ni tashkil etadi.
“Perfectum” 2024-yil boshida to‘liq xususiylashtirilgan. O‘sha paytda operatorning 100 foizlik ulushi Abdumalik Iminovga tegishli bo‘lgan. Keyinchalik kompaniya tarkibiga “IMC-Capital” va Kamron Akbarov kirgan.
Dastlab Vodafone bilan loyiha rejalashtirilgan edi
2024-yil avgustida Mamadjonov prezident bilan Nukusdagi uchrashuvda Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda 5G Standalone mobil aloqa tarmog‘ini ishga tushirish rejalashtirilayotganini aytgan.
O‘shanda loyiha uchun 250 mln yevro investitsiya jalb qilish, uni 2025-yilning birinchi choragida ishga tushirish va qariyb 1 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani ma’lum qilingan.
Loyihada uskunalar va texnologiyalar yetkazib beruvchisi sifatida Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi ko‘rilgan. Investitsiyaning 100 mln yevrosi Finlyandiya eksport agentligi ko‘magida “O‘zsanoatqurilishbank” orqali, qolgan 150 mln yevrosi esa muassislar mablag‘lari hisobidan jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Mamadjonov, shuningdek, “UZTEX TASHKENT”, “Azia Trans Terminal”, “Rakat Plaza”, “Sofa Marva Tour”, “Terassa” va “Safo Airlines” kabi kompaniyalarning muassisi yoki ishtirokchisi hisoblanadi.
“Safo Airlines”ning 60% ulushi ham unga tegishli. Kompaniyaning yana 30%i Mixail Alenkinga, 10%i Avazjon Toshpo‘latovga tegishli. Aviakompaniya 2026-yil may oyida tashkil etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ