O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirildi
Google Cloud vakili Marcin Krasuski xizmat ish boshlaganini Samarqandda C5+1 formatidagi tadbirlar doirasida e’lon qildi
O‘zbekistonda Google Pay xalqaro to‘lov xizmati ishga tushirildi. Bu haqda 19-oktabr kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH ishtirokida o‘tkazilayotgan C5+1 formatidagi tadbirlar doirasidagi panel sessiyasida ma’lum qilindi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sessiyada so‘zga chiqqan Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marcin Krasuski xizmat O‘zbekistonda ish boshlaganini e’lon qildi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston raqamli sohani tartibga solish bo‘yicha ilg‘or mamlakatlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonda xalqaro to‘lov xizmatlarini ishga tushirish imkoniyati shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlashga oid qonunchilikdagi o‘zgarishlardan keyin muhokama qilina boshlagan edi.
2026-yil 26-mart kuni prezident “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, shaxsga doir barcha ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi. Biroq biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlarining ma’lumotlari uchun mahalliy serverlarda saqlash talabi saqlanib qoldi.
2026-yil iyul oyida O‘zbekistonda Google Pay va Apple Pay xizmatlarini ishga tushirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilingan edi. Markaziy bank sentabr oyida ushbu xizmatlarni ishga tushirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilganini bildirgan, biroq ular aynan shu oyda ishga tushishini tasdiqlamagan edi.
Undan keyin Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov Apple Pay va Google Pay xizmatlari yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligini aytgandi. Uning qayd etishicha, tijorat banklari, Humo va Uzcard bilan birgalikda xizmatlarni texnik integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ