Toshkent hokimligi Brasserie Park restorani egallagan yo‘lakni demontaj qildi

Kuryer bilan janjallashgan restoran vakiliga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi ham tayinlangan

Toshkent hokimligi Brasserie Park restorani egallagan yo‘lakni demontaj qildi

Toshkent shahar hokimligi Brasserie Park restorani yozgi maydonchasi joylashgan hududni tekshirib, piyodalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan holatlarni aniqladi. Tekshiruvdan so‘ng piyodalar yo‘lagi stol-stullardan bo‘shatildi. Bu haqda shahar hokimligi ma’lum qildi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, hududdan foydalanishda belgilangan talablar, jumladan, piyodalarning erkin harakatlanishini ta’minlash qoidalariga rioya etilmagan. Shundan so‘ng tegishli choralar ko‘rilib, yo‘lak avvalgi holatiga qaytarilgan.

Shahar hokimligi jamoat joylari aholi uchun ochiq va qulay bo‘lishi, tadbirkorlar esa hududdan foydalanishda belgilangan talablarni bajarishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, fuqarolar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni o‘zaro hurmat va muomala madaniyatiga rioya qilgan holda hal etish muhimligi qayd etildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Restoran vakiliga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Toshkent shahrida Brasserie Park restorani vakili va voyaga yetmagan kuryer o‘rtasidagi janjal yuzasidan ham sud qarori chiqarildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 18-oktabrdagi qarori bilan 1990-yilda tug‘ilgan S.R.ga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 17-oktabr kuni taxminan soat 13:00 da restoran oldida sodir bo‘lgan. 1990-yilda tug‘ilgan S.R. va 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan yigit o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

OAV xabarlarida mojaro kuryer Markaziy univermag — TSUM yaqinidagi piyodalar yo‘lagidan skuterda o‘tayotganida boshlangan. Tarqalgan videoda restoran vakili kuryerga e’tiroz bildirib, uni haqorat qilgani va urish bilan tahdid qilgani aks etgan. Kuryer esa navigator ko‘rsatgan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanganini aytgan.

IIBB fuqaroning harakatlarida jamoat tartibini buzish holati bo‘lganini bildirdi. Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi — “Mayda bezorilik” bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib, hujjatlarni sudga yuborgan.

Mojarodan keyin restoran ma’muriyati yozgi maydoncha yonidagi yo‘lak piyodalar, bolalar aravachasi bilan yuruvchilar va harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiqligini bildirgan. Shu bilan birga, xodimlar yo‘lakda mototsikl va mopedlarda harakatlanmaslikni so‘rashini qayd etgan.

Muassasa ma’muriyati mojaro holati va kuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganayotganini, xodimlarning qo‘polligi hamda tahdidlariga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilgan. Keyinchalik janjalda qatnashgan restoran vakili kuryerdan uzr so‘rab, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Marko Rubio Samarqandga 300 ga yaqin Amerika kompaniyasi vakillari bilan keldi
/
Marko Rubio Samarqandga 300 ga yaqin Amerika kompaniyasi vakillari bilan keldi
O‘zbekistonda 2027-yilgacha 3,3 mingta avtobus va mikroavtobus xarid qilish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda 2027-yilgacha 3,3 mingta avtobus va mikroavtobus xarid qilish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda yana ikkita atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda yana ikkita atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda